Toshkentda $835 mlnlik mega loyihalar: yil oxirigacha JAC zavodi va yirik logistika markazi ishga tushadi

Toshkent shahrida yil oxirigacha yirik sanoat va logistika loyihalarini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
Xususan, JAC Motors avtomobil zavodi, zamonaviy logistika markazi hamda tibbiy mahsulotlar ishlab chiqarish korxonalari qurilmoqda.
Hukumat komissiyasi Yangihayot tumanida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari bilan tanishib, ularning ijrosiga to‘sqinlik qilayotgan infratuzilma va moliyaviy muammolarni ko‘rib chiqdi.
Ma’lum qilinishicha, “Yangi Avlod” maxsus sanoat zonasida umumiy qiymati 835 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi va 9 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi.
Asosiy loyihalardan biri — qiymati 135 million dollarlik JAC Motors zavodi bo‘lib, u yiliga 30 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Korxonani 2026-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan, eksport hajmi esa 5 million dollar atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Shuningdek, qiymati 288 million dollarlik DPW Tashkent loyihasi doirasida multimodal logistika terminali va “A” toifasidagi avtomatlashtirilgan omborlar barpo etiladi. Ushbu majmua yiliga 157 ming konteyner aylanmasini ta’minlab, 60 ming kvadrat metr ombor maydonini o‘z ichiga oladi hamda 345 ta ish o‘rni yaratadi.
Bundan tashqari, Health Line tomonidan qiymati 50 million dollarlik loyiha asosida bir martalik tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchi zamonaviy korxona quriladi. Unda yiliga 1,4 milliard dona mahsulot ishlab chiqarish va 520 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Komissiya, shuningdek, hududdagi boshqa sanoat loyihalari bilan ham tanishib, gaz va elektr ta’minoti, infratuzilma tarmoqlarini ko‘chirish hamda moliyalashtirish masalalarini tezkor hal etish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.