Toshkentda Novikov restorani ochiladi: Maroon Yaqin Sharq taomlarini olib keladi

Toshkentda bu bahor gastronomiya ixlosmandlari uchun muhim voqea kutilmoqda — taniqli restoranchi Arkadiy Novikov loyihasi bo‘lgan Maroon by Novikov restorani ochiladi.
Maskan DoubleTree by Hilton Tashkent mehmonxonasida joylashadi.
Yangi loyiha Novikov brendining O‘zbekiston bozoriga kirib kelishini anglatib, poytaxt restoran madaniyatida yangi bosqichni boshlab berishi kutilmoqda.
Restoran intereri sharqona uslubda bezatilgan bo‘lib, gumbazsimon shiftlar, nafis matolar va ochiq oshxona konsepsiyasi mehmonlarga o‘ziga xos muhit yaratadi. Birinchi qavatda mangal va o‘tinli pechlar joylashgan bo‘lib, taom tayyorlash jarayonini bevosita kuzatish mumkin.
Loyihaning brend-shefi — Vladimir Bogojavets. U Novikov Group’da 12 yildan ortiq faoliyat yuritib, Maroon va Meraki loyihalariga rahbarlik qilib kelmoqda. Toshkentdagi restoran oshxonasiga esa mahalliy va xalqaro tajribaga ega oshpaz O‘tkir Saparov boshchilik qiladi.
Maroon menyusi Yaqin Sharq oshxonasining boy an’analarini qamrab oladi. Unda Iordaniya, Marokash, Livan va Suriya taomlari asosida tayyorlangan gazaklar — humus, matbuha, mutabal, shuningdek, fatush salati, qutablar va manakish kabi taomlar o‘rin olgan.
Asosiy taomlar orasida qo‘zichoq, mol go‘shti, tovuq va dengiz mahsulotlaridan tayyorlangan lula kebablar, shuningdek, Marokash va Jazoir an’analariga asoslangan tojinlar taqdim etiladi. Desertlar esa mavsumiy mevalar va sharqona shirinliklardan iborat.
Maroon by Novikov Toshkentdan chiqmagan holda gastronomik sayohat qilishni istaganlar uchun yangi manzil bo‘lishi kutilmoqda.