Toshkentda shaxsiy uyga ega bo’lish uchun qancha vaqt kerak?– yosh oila hikoyasi

Muzaffar va Madina yaqinda yangi uyga ko’chib o’tishdi, ularning endi Toshkent shahrida shaxsiy boshpanasi bor. Ular 5 yildan beri uyga pul yig’ib kelishardi. Lekin pul faqat uyning boshlang’ich to’loviga yetdi. Qolganini 20 yil davomida to’lashadi. Xo’sh, bu qanday bo’ldi, bir oila poytaxtdan o’rtacha narxdagi uy sotib olishi uchun qanday sarguzashtlarni boshdan kechirishi kerak?
Har oy 300- 350 dollar ijaraga
Muzaffar 30 yoshda asli samarqandlik, rafiqasi Madina esa 27 yoshda buxorolik qiz. Ular 2020-yilda oila qurishgan. To’ydan keyin Toshkent shahrida yashay boshlashdi. O’shandan beri har oyning o‘rtalarida ularning telefoniga dastlabki 2 yil davomida 300, keyin esa 350 AQSH dollari to’lash haqida xabar kelib turadi. Bu raqam besh yil davomida ularning hayotini qaysidir ma’noda o’lchovchi raqamga aylanib qolgandek edi.
350 dollar — kimdir uchun dam olish byudjeti, kimdir uchun oylik kredit to‘lovi. Ammo ular uchun bu boshqalarning uyi uchun to‘lanadigan vaqtinchalik hayotning narxi edi.
Ammo 2025 yilining sentabr boshida hammasi o‘zgardi. Er-xotin endi o‘zlarining yangi, ikki xonali, 54 ming dollarlik Olmazordagi uylarining eshigiga kalit solishdi. Shu paytda besh yillik sabr, rejalar va yig‘ilgan har so‘mning qiymati haqiqiy ma’noda his qilindi.

Ijara yillarining boshlanishi
Shayxontohur tumanidagi ularning ijaradagi uyi uch xonali edi.“Uy egasi juda yaxshi odamlar edi. Ular dastlabki 2 yil davomida uy narxini umuman o’zgartirishmadi. Boshida 300 AQSh dollariga kelishgan edik. Bu narx shuday qoldi. Lekin 2022 yilda narxni oshirish haqida aytib qoldi. Chunki o’sha paytda O’zbekistonga ko’plab ukraina va rossiyaliklar kela boshlagan, kvartira egalari esa, xorijliklarga qimmatroq narxga uy berish harakatiga tushib qolishgan edi. Ko’nishga majbur bo’ldik. Chunki o‘sha paytda yangi joy topish ham, ko‘chish ham oson emas edi,” — deydi ayol.
Muzaffar Toshkent davlat yuridik universitetida o‘qituvchilik qiladi. Uning oyligi 10–15 million so‘m atrofida. Xotini esa uyda ikki farzandiga qarab, bo‘sh paytlarida rus va ingliz tillaridan kitoblar tarjima qiladi.
“Har kuni bir necha sahifa tarjima qilardim. Ba’zida tun yarmigacha o‘tirardim. Har oyda kelgan pullarning yarmi bolalarga, yarmi yig‘imga ketardi,” — deydi u tabassum bilan.
Ularning qizi 4 yoshda, o‘g‘li esa 2 yoshda. Albatta, farzandlar bilan birgalikda umumiy xarajatlar ham o’sishni boshlaydi. Bunday sharoitda har tomonlama to’g’ri moliyaviy qarorlar qilish, pulni to’g’ri jamg’arish muhim. Uy uchun pul jamg’arish bu 5 yil davomida keraksiz xarajatlardan tiyilish, ba’zan esa ayrim kerakli xarajatlarni ham bajarishni kechiktirish degani.
Uy olish qarori
Bu fikr ularda ancha odil paydo bo’lgan edi. To’g’rirog’i, ijara uchun uy narxi ilk oshganda. O’shanda Muzaffar va Madina shunday savolni o’ylab qolishadi: “Har oy 350 dollarni begona uyga to‘lab yurish o‘rniga, shu summani o‘z uychamiz uchun to‘lasak bo‘lmaydimi?”

Va bu bu fikr ularni ipoteka yo‘liga boshladi. Chunki ijara yildan yilga oshib boryapti, uy narxlari ham Toshkentda juda oshyapti. Bu esa ularni xavotirga sola boshladi, hatto uy olish haqida o’ylashni imkonsiz qilib qo’yishi ham mumkin edi.
“Boshlanishi qo‘rqinchli edi, — deydi er. — Foizlar, hujjatlar, hisob-kitoblar — hammasi murakkab ko‘ringan. Lekin hisoblab chiqsak, bu nafaqat iqtisodiy, balki ruhiy jihatdan ham to‘g‘ri qaror bo’lgan ekan.”
Ular ikkinchi bozordan uy olishga qaror qilishdi. Chunki yangi qurilgan uylarning narxi ancha balandroq, to‘lov muddati esa qisqaroq edi. Shunday qilib, Olmazor tumanidan sokin, yorug‘, ikki xonali uy topishdi.
“Bu jarayon ham oson bo’lmadi. Toshkentning ayrim tumanlarida. Masalan Yakkasaroy, Mirobodda uy narxlari juda baland. Olmazorda esa arzonroq variantlar chiqib qoldi. Uy olayotganda joylashuvi, shahar shovqinidan qanchalik himoyalangani, maktab va bog’chalarga qanchalik yaqinligini ham hisobga olish kerak edi. Shuning uchun qaror qilish ko’proq vaqtimizni oldi”, - dedi Madina.
Har oy 740 dollar to’lashadi

Uyning umumiy narxi — 54 ming dollar. Shundan 16 ming dollarga yaqin qismini ular besh yil davomida yig‘ishgan va tanishlardan qarz ham olishd. qolgan 37,8 ming dollarni esa 23 foizlik ipoteka orqali 20 yil muddatga olishdi.
“Dastlab foizlar va to‘lov grafigi biroz cho‘chitdi, — deydi ayol, — lekin har oy 350 dollar ijaraga ketardi-ku, endi esa o‘sha pulni o‘z uyimiz uchun to‘laymiz.”
Bank hisob-kitoblariga ko‘ra, ular har oy o‘rtacha 740 dollar to‘laydi.
Bu summaning bir qismi asosiy qarz, qolgan qismi esa foiz to‘lovi.
Bu summaning bir qismi asosiy qarz, qolgan qismi esa foiz to‘lovi.
Umumiy hisobda ular 20 yil ichida bankka taxminan 177 ming dollar to‘lashadi, lekin ular uchun bu endi “boshqalarning uyi uchun” emas, balki o‘z hayoti uchun ketayotgan sarmoya.
Yangi uy, yangi muhit
Yangi uyning devorlari yaqida bo‘yalgan, shiftida oddiy chiroq turibdi. Ammo ular uchun bu joy — “baxtning markazi”.
Bolalar endi o‘z xonasida o‘ynaydi, derazadan tushayotgan quyosh nuri xonani to‘ldiradi. Ularning so‘zlariga qaraganda, eng katta orzu — bolalarning bizning uyimiz” degan so‘zlarini eshitish edi.
“O‘tgan oy qizimiz, dada, endi ko‘chmaymiz-a? dedi. Shu gapni eshitganimizda, qiyinchiliklarni unutgandek bo’ldik,” — deydi ayol, ko‘zlari chaqnab.
Rejalashtirishni bilish muhim
Bu hikoya oddiy oila haqida emas — bu orzularini sabr, vaqt va mehnat bilan qurgan insonlar haqida. Ular boy emas, lekin rejalashtirishni bilishadi. Ular tez boyish yo‘lini emas, balki barqarorlikni tanlashdi.
“Uy bu devor emas, — deydi er. — Uy bu har kuni bir xil maqsad sari yurish, o‘sha yo‘ldan toymaslik. Bizni shu fikr ushlab turdi.”
Har oy to‘lovlar, mehnat, bolalar tarbiyasi, tarjimalar, darslar — bularning barchasi bir orzuga xizmat qilmoqda: o‘z tomiga ega bo’lish maqsadiga.
Har kimning orzusi har xil. Kimdir yangi mashina xohlaydi, kimdir chet el safariga chiqishni. Ammo bu er-xotin uchun orzu — bolalarining kulgisi yangraydigan, devorlarida o‘z mehnati singgan, o‘z uyi edi.
Besh yillik ijaraning har bir dollari ularga yangi mahoratni, ya’ni jamg’arish qobiliyatini o’rgatdi.
“Albatta, Toshkentdan uy olish doim ham oson emas. Hozir bizni yana 20 yillik to’lov kutyapti. Lekin biz oila bo’lib buni uddalaymiz deb o’ylaymiz. Daromadlarimiz ham yaxshi. Umuman olganda, 20 yilni o’ylash sal qo’rqinchli, lekin bu ham bir yashash yo’li”,- dedi ayol.
Ularning hikoyasi Toshkentda o‘z boshpanasini orzu qilayotgan har bir oila uchun dalda bo‘lishi mumkin. Chunki bu hikoya faqat moliya yoki ipoteka haqida emas — bu orzular, sabr va ishonch haqida.
Yangiliklarni baham ko'ring
Sizga yoqadi


