Toshkentda xorijda ishlamoqchi bo‘lganlar uchun 600 o‘rinli maqsadli tayyorlash markazi tashkil etiladi

Toshkentda xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun yangi, zamonaviy tayyorlash markazi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Yangi markaz 600 o‘rinli bo‘lib, unda talab yuqori bo‘lgan 12 ta kasb, 7 ta xorijiy til va 6 ta xalqaro sertifikat imtihonlari bo‘yicha tayyorlov yo‘lga qo‘yiladi. Bu tashabbus xorijda yuqori daromadli ish topishni istagan fuqarolarni kompleks tayyorlashga xizmat qiladi.
Hozirgi kunda o‘zbekistonliklar qariyb 40 ta davlatda mehnat qilmoqda va ularning soni 1,2 million nafarga yetgan. Ayniqsa, Yevropa va Sharqiy Osiyo davlatlarida malakali ishchi kuchiga talab ortib bormoqda. Masalan, Germaniya 40 ming hamshiraga, Yaponiya esa 15 ming qurilish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi mutaxassislarga ehtiyoj bildirgan.
Shu ehtiyojlarni qoplash maqsadida hozirda xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda “kasb + til” tamoyili asosida 12 ta qo‘shma ta’lim loyihasi amalga oshirilmoqda. Ularda 8,5 ming fuqaro tahsil olmoqda, 3 ming nafari esa allaqachon ish bilan ta’minlangan.
Kelgusida bunday loyihalar sonini 20 taga yetkazish, o‘quv qamrovini 10 ming nafardan oshirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, hududlarda migratsiya markazlari, haydovchilikka o‘qitish xablarini tashkil etish ham ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, Andijon, Samarqand, Farg‘ona va Toshkentdagi tibbiyot texnikumlarida hamshiralarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash kurslari ochiladi. Qurilish sohasida esa betonchi, armaturachi va payvandlovchilarni tayyorlash markazlari kengaytiriladi.
Yangi tashabbuslar doirasida mavsumiy ish yo‘nalishlari ham rivojlantirilib, AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Turkiya va Koreya Respublikasi bilan hamkorlik kengaytiriladi.