Toshkentda yo'l haqini to'lamagan 30 ming kishi jazolandi

Toshkent shahrida jamoat transportida yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlanayotgan yo‘lovchilarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilmoqda.
Transport nazorati inspeksiyasi “Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” DM xodimlari bilan hamkorlikda kuchaytirilgan reyd tadbirlarini olib bormoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yilning dastlabki uch oyi davomida 32 450 ta qoidabuzarlik aniqlanib, barcha holatlar bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Hozirda to‘lov tizimi hamda inspektorlar faoliyati to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, nazorat ishlari monitoring natijalariga asosan aniq yo‘nalishlarda olib borilmoqda. Xususan, yil boshidan buyon 28 ta yo‘nalishda tekshiruvlar o‘tkazilgan bo‘lsa, shundan 8 tasida nazorat kuchaytirilgan tartibda tashkil etilgan. Natijada ushbu yo‘nalishlarda tranzaksiyalar soni sezilarli darajada oshgani qayd etildi.
Transport nazorati inspeksiyasi yo‘lovchilardan jamoat transportidan foydalanishda belgilangan qoidalarga amal qilish va yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lashni so‘ramoqda.