Toshkent–Praga reyslari qayta tiklanishi mumkin

O‘zbekiston va Chexiya savdo hajmini 1 mlrd dollarga yetkazmoqchi.
Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Andrey Babiš o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar o‘zaro savdo hajmini oshirishga alohida e’tibor qaratib, tovar ayirboshlash hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish vazifasini belgilab oldi. Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi qariyb ikki barobarga oshgan.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Chexiya kapitali ishtirokida 37 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Endilikda mashinasozlik, “yashil” energetika, geologiya va muhim xomashyo, kimyo hamda farmatsevtika sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirishni o‘z ichiga olgan Texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, Chexiyada O‘zbekistonning ilk sertifikatlash filiali tashkil etilishi, “Yevro-6” standartidagi avtomobillarni sertifikatlash va zamonaviy laboratoriya yaratish rejalashtirilmoqda.
Tomonlar infratuzilma, “aqlli shaharlar”, muhandislik va raqamlashtirish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish masalalarini ham ko‘rib chiqdi.
Madaniy-gumanitar sohada esa ta’lim almashinuvi, qo‘shma dasturlar, madaniyat va kino kunlarini o‘tkazish hamda turizmni rivojlantirishga e’tibor qaratildi. Shu maqsadda Toshkent va Praga o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklash masalasi ham muhokama qilindi.