Umumiy ovqatlanish korxonalari uchun QQSni nolga tushirish taklif qilindi

O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish sohasi vakillari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) stavkasini nol foizgacha kamaytirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Bu tashabbus tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot davomida ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Pulatovning aytishicha, yangi tizim joriy etilsa, biznes subyektlari QQSning odatiy 12 foizlik stavkasi yoki imtiyozli nol foizli stavka o‘rtasidan tanlov qilish imkonigaega bo‘ladi.
Nol stavkadan foydalanish uchun korxonalar bir qator majburiyatlarni bajarishi kerak bo‘ladi. Jumladan, aylanma hajmi va xodimlar soni bo‘yicha belgilangan mezonlarga rioya etish, shuningdek, xodimlarga to‘lanadigan ish haqi ma’lum darajadan past bo‘lmasligi talab etiladi. Agar bu shartlar bajarilmasa, korxona amaldagi 12% QQSni to‘lashda davom etadi.
Mazkur yondashuv xorijiy tajribaga, xususan, Rossiya amaliyotiga asoslanmoqda. U yerda umumiy ovqatlanish korxonalari uchun nol foizli QQS stavkasi daromad, tushum tarkibi va ish haqi bo‘yicha aniq mezonlar asosida qo‘llaniladi.
Rasmiylarga ko‘ra, nol stavka joriy etilgan taqdirda korxonalar QQSdan ozod qilinadi, biroq ijtimoiy soliq (12%) va foyda solig‘i (15%) saqlanib qoladi. Bu esa biznes uchun soliq yukini yengillashtirish bilan birga, ish o‘rinlarini ko‘paytirish va “soya iqtisodiyoti”ni qisqartirishga xizmat qilishi mumkin.
Jahongir Abdiyev, Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, hozirgi kunda mavjud ko‘plab soliq imtiyozlari yetarlicha samarali emasligini ta’kidlab, majburiyat evaziga beriladigan aniq va maqsadli imtiyozlar tizimini joriy etishni taklif qildi.
Hozircha bu tashabbus muhokama bosqichida. Agar tadbirkorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, tegishli qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilib, tizim sinov tariqasida joriy etilishi mumkin.