UZCARD 2025-yilda 104 mln dollar sof foyda oldi

UZCARD 2025-yilda 104 mln dollar sof foyda oldi

UZCARD 2025-yil yakunlari bo‘yicha moliyaviy hisobotini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, kompaniya yilni 1 trln 308 mlrd so‘m (taxminan 104 mln dollar) sof foyda bilan yakunlagan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 352 mlrd so‘mga yoki 37 foizga ko‘proqdir.
Sof foyda hajmi bo‘yicha kompaniya O‘zbekistondagi 31 ta bankdan yuqori natija qayd etgan.
Hisobotga ko‘ra, kompaniyaning umumiy daromadi ham sezilarli darajada oshgan — 882 mlrd so‘mga (+68%) o‘sib, 2 trln 180 mlrd so‘mni tashkil etgan. Shu bilan birga, xarajatlar ham 68 foizga ko‘payib, 661 mlrd so‘mga yetgan. Xarajatlarning asosiy qismi — 190 mlrd so‘m — xodimlar ish haqi hissasiga to‘g‘ri keladi. Marketing xarajatlari esa qariyb 2,5 barobarga oshib, 153 mlrd so‘mga chiqqan.
Qiziqarli jihati shundaki, daromad va foyda oshganiga qaramay, kompaniyaning soliq xarajatlari biroz kamaygan: 2024-yildagi 6,4 mlrd so‘mdan 2025-yilda 6,2 mlrd so‘mga tushgan.
Bunga sabab sifatida kompaniyaning IT Park Uzbekistan rezidenti ekani ko‘rsatiladi. Ushbu maqom unga bir qator soliq imtiyozlarini beradi. Biroq, 2026-yil 1-apreldan boshlab bu imtiyozlar bekor qilinishi rejalashtirilgan.
2025-yil davomida kompaniya aktivlari 351 mlrd so‘mga oshib, 1 trln 87 mlrd so‘mga yetgan. Xususiy kapital 37 foizga o‘sib, 810 mlrd so‘mni tashkil etgan. Ustav kapitali o‘zgarishsiz — 50 mlrd so‘m darajasida qolgan.
Majburiyatlar esa 132 mlrd so‘mga (+91%) oshib, 278 mlrd so‘mga yetgan.
UZCARD 2025-yilda 104 mln dollar sof foyda oldi | 12news