Uzum $130 mln dan ortiq investitsiya jalb qildi: kompaniya qiymati $2 mlrddan oshdi

Uzum $130 mln dan ortiq investitsiya jalb qildi: kompaniya qiymati $2 mlrddan oshdi

O‘zbekistonning birinchi “yagona milliardlik startapi” — Uzum yangi investitsiya raundida $130 mln dan ortiq mablag‘ jalb qildi. Bitimdan so‘ng kompaniyaning umumiy bahosi $2 mlrd dan oshdi.

Raqamli ekotizim tarkibiga marketplace, fintech xizmatlari, onlayn bank hamda yetkazib berish xizmati kiradi. Jalb qilingan mablag‘lar elektron tijorat, raqamli bank xizmatlari, to‘lov tizimlari va iste’mol kreditlash yo‘nalishlarini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Bu haqda Digital Business nashri Spot ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Investitsiya raundining asosiy ishtirokchisi Ummonning suveren investitsiya fondi bo‘ldi. Shuningdek, bitimda kompaniyaning amaldagi investorlaridan biri — Xitoyning texnologik giganti Tencent hamda venchur fondlar VR Capital va FinSight Ventures ham qatnashdi.
Kelishuv kompaniya kapitaliga kiritilgan investitsiyalar hamda tuzilmaviy moliyalashtirishni o‘z ichiga oladi.
Bitimdan oldin kompaniya qiymati (pre-money) $2,3 mlrd deb baholangan. Taqqoslash uchun, 2025-yil avgust oyida Uzum qiymati taxminan $1,5 mlrd edi.
Kompaniya jalb qilingan yangi kapitalni ekotizimning asosiy yo‘nalishlarini kengaytirishga sarflashni rejalashtirmoqda. Jumladan:
  • elektron tijorat
  • raqamli to‘lovlar
  • onlayn bank xizmatlari
  • iste’mol kreditlash
Bundan tashqari, kompaniya texnologik infratuzilmaga investitsiyalarni oshirib, raqamli xizmatlarni O‘zbekiston hududlaridagi aholi uchun yanada qulay qilishni maqsad qilgan.
Laziz Kudratov ushbu bitim xalqaro investorlar uchun muhim signal bo‘lganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ummon suveren fondining investitsiyasi mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar mustahkamlanayotganini hamda O‘zbekistondagi investitsiya muhiti yaxshilanayotganini ko‘rsatadi.
Jasur Jumaev esa kompaniya nafaqat yangi investorlar, balki dastlabki investorlarning ham qo‘llab-quvvatlovini olayotganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, investorlarning Uzum strategiyasiga bo‘lgan ishonchi kompaniyaning keyingi rivoji uchun muhim omil hisoblanadi.
Bu kompaniyaning so‘nggi bir yil ichidagi birinchi yirik investitsiya raundi emas.
2025-yil avgust oyida Uzum Tencent va VR Capital kompaniyalaridan $70 mln investitsiya jalb qilgan edi. O‘shanda kompaniya qiymati $1,5 mlrd deb baholangan.
Keyinchalik VR Capital kompaniyaga 300 mlrd so‘m (taxminan $25 mln) miqdorida qo‘shimcha moliyalashtirish ham taqdim etgan.
Jasur Jumaevning ta’kidlashicha, milliy valyutada jalb qilingan investitsiyalar o‘zbek so‘mining xalqaro hisob-kitoblar va investitsiya muhitidagi roli ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Uzum $130 mln dan ortiq investitsiya jalb qildi: kompaniya qiymati $2 mlrddan oshdi | 12news