Xalqaro nufuzli tanlov g‘oliblari 30 mln so‘mgacha mukofot oladi

Xalqaro nufuzli tanlov g‘oliblari 30 mln so‘mgacha mukofot oladi

O‘zbekistonda maktablar va yozgi to‘garaklar o‘quvchilari orasida xalqaro nufuzli tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan yoshlar uchun bir martalik pul mukofotlari joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

2026–2027 yillarda mamlakatda iste’dodli yoshlar va ularning ustozlarini moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha tajriba dasturi amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, Gran-pri yoki birinchi o‘rinni egallagan o‘quvchiga 30 mln so‘m, uning ustoziga esa 20 mln so‘m beriladi. Ikkinchi o‘rin uchun mos ravishda 20 mln va 10 mln so‘m, uchinchi o‘rin uchun esa 10 mln so‘m va ustoziga 5 mln so‘m miqdorida mukofot puli ajratiladi.
Pul mukofotlaridan tashqari, iqtidorli bolalar va ijodiy jamoalarning davlat bayramlari hamda yuqori darajadagi konferensiyalardagi madaniy dasturlarda ishtiroki ham ta’minlanadi.
Shuningdek, a’lo baholarga o‘qiyotgan o‘quvchilar Madaniyat vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarga kirish imtihonlarisiz qabul qilinadi. Bunday imkoniyat maktabdagi eng yaxshi 10 nafar o‘quvchiga badiiy-pedagogik kengash qarori asosida qo‘shimcha kvotalar orqali beriladi.
Xalqaro nufuzli tanlov g‘oliblari 30 mln so‘mgacha mukofot oladi | 12news