Yagona QR-kod orqali to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari tasdiqlandi

O‘zbekistonda yagona QR-kod orqali to‘lov tizimini joriy etish bo‘yicha tegishli qoidalar ishlab chiqildi.
Mazkur hujjat prezidentning 2025-yil 10-dekabrdagi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi barcha yuridik shaxslar uchun bosqichma-bosqich yagona QR-kod orqali to‘lovlarni qabul qilish tizimi joriy etiladi.
Yangi tartibga muvofiq, yagona QR-kod foydalanuvchilarga istalgan bank yoki to‘lov tashkilotining mobil ilovasi orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi. Bu esa turli to‘lov tizimlari o‘rtasidagi tafovutlarni kamaytirib, qulay va tezkor to‘lov muhitini yaratadi.
Qoidalarga ko‘ra, QR-kodlar statik va dinamik turlarga ajratiladi. Shuningdek, barcha to‘lov tizimlarining yagona platforma orqali o‘zaro integratsiyasi ta’minlanadi. Tizim operatori tomonidan to‘lovlar bo‘yicha hisob-kitoblar avtomatlashtirilgan holda amalga oshiriladi va ma’lumotlar real vaqt rejimida ishtirokchilarga yetkaziladi.
Bundan tashqari, tizim doirasida mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Foydalanuvchilar mobil ilovalar orqali QR-kodni skanerlash, to‘lov summasini tasdiqlash, operatsiyalar bo‘yicha onlayn ma’lumot olish hamda tranzaksiyalar tarixini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.