Yangi Bank omonatchilariga mablag‘larning 85 foizi qaytarildi

2-fevral soat 10:00 holatiga ko‘ra, Yangi Bank omonatchilariga jami 178,5 mlrd so‘m qaytarildi.
Bu summa bank omonatchilariga to‘lanishi lozim bo‘lgan kafolatlangan mablag‘larning 85 foizidan ortig‘ini tashkil etadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 3 ming 478 nafar jismoniy shaxsga 178 mlrd 252 mln so‘mdan ortiq mablag‘ to‘lab berilgan. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlarga 141 mln 859 ming so‘m, yuridik shaxslarga esa 71 mln so‘m kompensatsiya to‘langan.
Yangi Bank omonatchilarining mablag‘larini qaytarish jarayoni Biznesni rivojlantirish banki (BRB) orqali davom etmoqda. Omonatchilardan bu jarayonda hech qanday qo‘shimcha to‘lov talab qilinmaydi.
Jismoniy shaxslar mablag‘larni BRB mobil ilovasi orqali bank kartalariga o‘tkazishlari yoki bank xizmatlari markazlariga murojaat qilib naqd shaklda olishlari mumkin. Yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar esa markazlarga murojaat qilib, bankda hisob raqam ochishi yoki boshqa bankdagi hisob raqamiga pul o‘tkazish orqali mablag‘larni olishi mumkin.
Yangiliklarni baham ko'ring
Sizga yoqadi


