Yangi uylar tomi endi bazalt bilan qoplanishi mumkin

Oʻzbekistonda qurilish sohasida ekologik talablarni kuchaytirish maqsadida ko‘p kvartirali uylarning tom qismini bazalt qoplamasi bilan yopish rejalashtirilmoqda. Bu tashabbus prezident farmoni doirasida ilgari surilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, dastlab ushbu amaliyot sinov tariqasida joriy etiladi. Uch oy davomida barcha hududlarda kamida ikkita ko‘p qavatli uyda eksperiment o‘tkazilib, natijalarga qarab yakuniy qaror qabul qilinadi.
Shuningdek, ikki oy muddat ichida bazalt qoplamalarini qo‘llash bo‘yicha maxsus yo‘riqnoma ishlab chiqilib, quruvchi kompaniyalar o‘rtasida targ‘ib qilinadi.
Agar tajriba muvaffaqiyatli yakunlansa, 2026 yil iyul oyiga qadar yangi qurilayotgan ko‘p kvartirali uylarning tom qismini bazalt bilan qoplash talabi shaharsozlik qonunchiligiga kiritiladi.
Bundan tashqari, “Yangi O‘zbekiston” massivlarida allaqachon qurilgan uylarning tom qismlarini ham 2026 yil avgust oyigacha to‘liq bazalt qoplamasi bilan yopish rejalashtirilgan.
Mazkur ishlar boshqaruv kompaniyalari mablag‘lari, mahalliy budjet va boshqa qonuniy manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. Loyihani amalga oshirish uchun Qurilish vazirligi, hududiy hokimliklar hamda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi mas’ul etib belgilangan