Yaqin Sharqdagi mojaro ortidan Brent nefti 13% gacha qimmatlashdi

Yaqin Sharqdagi mojaro ortidan Brent nefti 13% gacha qimmatlashdi

Yaqin Sharqda keskinlashgan mojaro ortidan jahon neft bozorida narxlar keskin ko‘tarildi, biroq keyinchalik o‘sish sur’ati sekinlashdi.

28-fevral kuni AQSH va Isroil Eron hududida keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshladi. Hujumlar mamlakat bo‘ylab bir qator obyektlarga ta’sir ko‘rsatdi. Tehron bunga javoban Isroil hududi hamda Yaqin Sharqdagi AQSH harbiy obyektlariga raketa zarbalari yo‘lladi.
Geosiyosiy vaziyatning keskinlashuvi 2-mart, dushanba kuni savdolar ochilishi bilan neft kotirovkalarining sakrashiga sabab bo‘ldi. RBC xabariga ko‘ra, Toshkent vaqti bilan soat 02:00 holatida ICE Futures birjasida Brent markali neftning may oyi fyucherslari 13,04 foizga qimmatlab, bir barrel uchun 82,37 dollarga yetdi.
Shundan so‘ng o‘sish sur’ati pasaydi — narx 8,93 foizlik o‘sish darajasigacha tushib, bir barrel 79,38 dollardan sotildi. Investing.com ma’lumotlariga ko‘ra, kotirovkalar 4 foizdan ortiq o‘sish bilan 77,40 dollar atrofida shakllanmoqda.
The Guardian nashrining yozishicha, jahon savdosi uchun muhim yo‘laklardan biri hisoblangan Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat neft ta’minoti bilan bog‘liq xavotirlarni kuchaytirdi. Dunyo neftining qariyb 20 foizi hamda asosan Qatardan eksport qilinadigan yirik hajmdagi suyultirilgan tabiiy gaz aynan shu hudud orqali tashiladi. 1-mart kuni Eron tankerlar harakati uchun bo‘g‘ozni “keyingi ogohlantirishgacha” ochganini ma’lum qildi.
Barclays tahlilchisi Ajay Rajadhyaksha fikricha, bozor uzilishlari Brent narxining bir barrel uchun 100 dollardan oshishiga olib kelishi mumkin. Agar narx 120 dollar atrofida mustahkamlansa, bu jahon iqtisodiyotiga sezilarli zarar yetkazadi. Ayrim tahlilchilar esa Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bir necha hafta yopiq qolsa, narxlar 150–200 dollargacha chiqishi mumkinligini bildirgan, biroq bunday ssenariy ehtimoli past deb baholanmoqda.
Osiyo fond bozorlarida ham pasayish kuzatildi. Tokiodagi Nikkei 225 indeksi dastlab 2,4 foizga tushib, keyinchalik yo‘qotishlarini qisqartirgan va 1,5 foiz pasayish bilan savdo qilgan. Sidneyda S&P/ASX 200 0,4 foizga, Shanxayda esa CSI 300 0,6 foizga kamaydi. Bozoroldi savdolari Wall Street birjalari ham haftani pasayish bilan boshlashi mumkinligini ko‘rsatdi.
Investorlar uchun an’anaviy xavfsiz aktiv hisoblangan oltin ham qimmatlashdi — uning bir unsiyasi 2,8 foizga oshib, 5 397,10 dollarni tashkil etdi.
Avvalroq O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi vaziyat sabab Umra safarini vaqtincha kechiktirgani haqida xabar berilgandi.
Yaqin Sharqdagi mojaro ortidan Brent nefti 13% gacha qimmatlashdi | 12news