Yoshlar va erkaklarda kredit intizomi pastroqmi?

20–30 yoshdagilar eng ko‘p kechiktiradi, eng intizomlilar — 18–20 yosh va 65+.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki kredit to‘lov intizomi bo‘yicha yangi tahliliy hisobotni e’lon qildi. Unga ko‘ra, 20–30 yosh oralig‘idagi aholi boshqa yosh guruhlariga nisbatan kredit to‘lovlarini ko‘proq kechiktiradi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, 18–20 yoshdagilar hamda 65 yoshdan yuqori fuqarolar eng yuqori kredit intizomiga ega guruh sifatida qayd etilgan. Shuningdek, 30 yoshdan so‘ng yosh ortgani sari qarz oluvchilarning moliyaviy intizomi yaxshilanib boradi. Mutaxassislar bu holatni daromad va hayotiy tajribaning ortishi bilan izohlashmoqda.

Gender kesimida esa erkaklarda kreditni kechiktirish holatlari ayollarga nisbatan yuqoriroq. Ayniqsa, 20–25 yosh oralig‘idagi har to‘rt erkakdan biri to‘lov jadvaliga amal qilmasligi qayd etilgan.

Bundan tashqari, kredit muddati ham to‘lov intizomiga ta’sir qiladi. Uzoq muddatga rasmiylashtirilgan kreditlarda kechikish ehtimoli yuqoriroq. Qisqa muddatli — 6 oygacha bo‘lgan kreditlarda esa kechikish holatlari ancha kam kuzatilgan.
Markaziy bank ma’lumotlari kredit siyosati va moliyaviy savodxonlikni oshirish bo‘yicha choralarni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.