Yozuvchilarga har oy 20 mln so‘m, eng yaxshi kitobxon o‘quvchilarga 10 mln so‘m beriladi

Yozuvchilarga bir yil davomida har oy 20 million so‘mdan haq to‘lanadi.
O‘zbekistonda kitobxonlikni rag‘batlantirishga qaratilgan yangi dastur ishga tushiriladi. Bu haqda prezident yoshlar masalalariga bag‘ishlangan tadbirda ma’lum qildi.
Yangi tashkil etilgan “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamg‘armasi orqali iste’dodli yozuvchilarga ijodiy buyurtmalar beriladi. Ularga bir yil davomida har oy 20 million so‘mdan haq to‘lanadi.
Shuningdek, eng sara xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga, milliy asarlarni esa xorijiy tillarga tarjima qilish va nashr etish xarajatining 50 foizi qoplab beriladi.
Mutasaddilarga yangi o‘quv yiliga qadar eng yaxshi 100 ta asardan iborat kitoblar to‘plamini shakllantirish va uni barcha maktab hamda texnikumlarga yetkazish topshirildi.
Maktablardagi eng faol kitobxon o‘quvchilar 10 million so‘m miqdorida mukofotlanadi.
Bundan tashqari, kutubxona, “book cafe” va kitob do‘konlari ochib, oyiga 10 ming nusxadan ortiq kitob savdosini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarga uch yil muddatga 1 milliard so‘mgacha 7 foizli imtiyozli ssuda ajratish tartibi joriy etiladi.