1-apreldan davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasiga o‘tdi

1-apreldan davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasiga o‘tdi

2026-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekistondagi davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasi rejimiga o‘tkazildi.

Mazkur tartib Prezidentning 2025-yil 9-noyabrdagi “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiqjoriy etildi.
Yangi tizimga ko‘ra, tibbiyot muassasalarida ish jarayoni qayta tashkil etilib, xizmatlar uzluksizligini ta’minlash maqsadida dam olish va bayram kunlari navbatchilik asosida faoliyat davom ettiriladi.
Tasdiqlangan tartibga muvofiq:
  • tibbiyot xodimlari uchun haftalik ish vaqti 36 soatdan oshmaydi;
  • zararli va xavfli sharoitlarda ishlovchilar uchun qisqartirilgan ish vaqti belgilanadi;
  • yuqori ruhiy va aqliy zo‘riqish talab etiladigan ishlar uchun ham ish vaqti 36 soatdan oshmaydi;
  • tibbiyot xodimi bo‘lmaganlar uchun esa haftalik ish vaqti 40 soat etib belgilangan.
Poliklinika va oilaviy shifokorlik punktlarida ish jadvali quyidagicha:
  • dushanbadan jumagacha: 08:00 dan 20:00 gacha;
  • shanba kuni: 08:00 dan 14:00 gacha (navbatchilik asosida).
Shuningdek, sog‘liqni saqlashning yangi modeli joriy etilgan hududlarda asosiy ish vaqti 08:00–16:00 etib belgilanib, 16:00 dan 20:00 gacha qo‘shimcha navbatchilik tashkil etiladi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, xodimlarning ish haqi saqlab qolinadi va kamaytirilmaydi. Mehnat shartnomalari hamda ichki hujjatlar yangi tartib asosida qayta rasmiylashtiriladi.
Stasionar tibbiyot muassasalarida esa navbatchilik tizimi doimiy yo‘lga qo‘yilib, smena va navbatchiliklar adolatli taqsimlanishi ta’minlanadi.
Mazkur o‘zgarishlar tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlash va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgani ta’kidlanmoqda.
1-apreldan davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasiga o‘tdi | 12news