2-fevraldan metan zapravkalar faoliyati tiklanadi

Metan zapravkalar respublika bo‘yicha soat 10:00 dan 16:00 gacha faoliyat yuritadi.
2-fevraldan boshlab avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati tiklanadi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. Qayd etilishicha, metan zapravkalar respublika bo‘yicha soat 10:00 dan 16:00 gacha faoliyat yuritadi. Farg‘ona vodiysidagi AGTKSHlarning ish vaqti esa mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda, gaz bosimidan kelib chiqib belgilanadi.
Shu bilan birga, ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi maxsus texnika hamda jamoat transportlari gaz bilan cheklovlarsiz va barqaror tarzda ta’minlanishi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, havo haroratining keskin pasayishi sababli 20-yanvardan boshlab aholi xonadonlari, tibbiyot va ta’lim muassasalarini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida metan zapravkalar faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritilgandi.
Bundan avval, 11-dekabr kuni Energetika vazirligi qo‘shni davlatdagi gaz tarmog‘ida yuzaga kelgan texnik nosozlik sababli import qilinayotgan tabiiy gaz hajmi qisqarganini ma’lum qilgan edi. Natijada, birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha ehtiyojlarini qondirish uchun AGTKSHlar faoliyati vaqtincha cheklangan.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov mazkur avariya oqibatida mamlakatda 6 mln kub metr gaz taqchilligi yuzaga kelganini bildirgan. Vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda zarur choralar ko‘rilgani aytilgan.
Avvalroq, 22-dekabrdan boshlab metan zapravkalar belgilangan grafik asosida ishlay boshlagan, 30-dekabr kuni esa 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazilgandi. 8-yanvardan e’tiboran esa ularning faoliyati yana soat 10:00 dan 16:00 gacha cheklangan edi.

