2025-yilda xonandalar soliqlari 86% ga qisqardi

O‘zbekistonda xonandalar tomonidan to‘langan soliqlar keskin kamaygani aniqlandi.
O‘zbekiston Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda san’atkorlarga hisoblangan daromad solig‘i atigi 154 mln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan qariyb 86% ga qisqargan.
Tahlillarga ko‘ra, 2024-yilda 2 020 nafar xonandaga jami 1,1 mlrd so‘m soliq hisoblangan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich keskin kamayib, atigi 305 nafar san’atkorni qamrab olgan. O‘rtacha hisobda bir xonandaga to‘g‘ri keladigan yillik soliq miqdori esa deyarli o‘zgarmagan.
Mazkur holat fonida san’atkorlar faoliyatidan soliq undirish tizimini takomillashtirish masalasi kun tartibiga chiqdi. Xususan, har bir to‘y va konsert uchun alohida soliq hisoblashni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Vazirlikka ko‘ra, ushbu loyiha soliq tizimida adolat va majburiylik tamoyillarini ta’minlashga qaratilgan. Hujjat muhokamalar davomida katta qiziqish uyg‘otib, 16 mingga yaqin ko‘rishlar va 130 dan ortiq takliflarga sabab bo‘lgan.
Shuningdek, loyiha Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, Raqobat qo‘mitasi hamda Soliq qo‘mitasi bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan.
Mutasaddilar ushbu holat sohada shaffof va yagona raqamli hisob tizimini joriy etish zaruratini ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Yakuniy qaror loyihasi takliflar asosida qayta ishlanib, yuqori tashkilotlarga taqdim etilishi kutilmoqda.