500 ming so‘mlik kupyura — mish-mishmi yoki haqiqat?

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 500 ming so‘mlik banknota chiqarilishi haqidagi xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.
7-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda 500 ming so‘mlik yangi kupyura muomalaga chiqarilishi, unda Mirzo Ulug‘bek tasviri bo‘lishi haqida xabarlar tarqaldi.
Markaziy bank ushbu ma’lumotlarni asossiz, yolg‘on va feyk deb atadi. Qayd etilishicha, bu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
“Barcha rasmiy ma’lumotlar uchun Markaziy bankning rasmiy sahifalarini kuzatib borishingizni so‘raymiz”, deyiladi regulyator bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil fevral oyida ham 400 ming so‘mlik banknota haqida shunga o‘xshash yolg‘on xabarlar tarqalgan edi. Unda 100 ming so‘mlik kupyura rasmini tahrirlab, nominalini o‘zgartirilgan tasvirlar ommalashgan.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, pul belgilarining nominal qiymatini belgilash vakolati Markaziy bankka tegishli. Shuningdek, yangi banknotalar muomalaga chiqarilishi haqida faqat rasmiy manbalar orqali e’lon qilinadi.
Regulyator fuqarolarni bunday soxta xabarlarga ishonmaslikka va faqat ishonchli manbalarga tayanishga chaqirdi.
Ma’lumot uchun, 2022-yil iyul oyida Markaziy bank yangi ko‘rinishdagi 200 ming so‘mlik banknotani muomalaga kiritgan.