Alimentdan qarzdorlarga ayrim moliya-kredit xizmatlaridan foydalanish cheklanadi

Prezident farmoniga muvofiq, ijro ishlarini yuritish tartibiga qator o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Hujjatga ko‘ra, ayrim toifadagi ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdor vafot etganida, vafot etgan deb e’lon qilinganda yoki bedarak yo‘qolgan deb topilganda unga nisbatan yuritilgan ijro ishlarini davlat ijrochisining qarori bilan tugatish amaliyoti joriy etiladi.
Shuningdek, qonunda nazarda tutilgan ayrim turdagi ijro hujjatlarini majburiy ijroga taqdim etishdan oldin tegishli davlat organi, tashkilot yoki mansabdor shaxsga topshirish unduruvchining huquqi sifatida belgilanmoqda. Ushbu toifaga unduruvni yuridik shaxslar tomonidan qarzdor jismoniy shaxsning ish haqi va boshqa daromadlariga qaratishni nazarda tutuvchi hujjatlar ham kiradi.
2026-yil 1-maydan boshlab aliment to‘lovlarini undirish tizimini kuchaytirish maqsadida yangi cheklovlar joriy etiladi. Unga ko‘ra, aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lsa, qarzdorlik to‘liq bartaraf etilgunga qadar qarzdor yirik bitimlarni amalga oshira olmaydi, shuningdek ayrim moliya-kredit va davlat xizmatlaridan foydalanishi cheklanadi.
Bundan tashqari, muammoli kreditlar bo‘yicha ijro hujjatlari asosida yuzaga kelgan majburiyatlarni undirish bilan bog‘liq harakatlar ixtisoslashtirilgan davlat ijrochilariga yuklatiladi.