Bozor va savdo markazlari uchun yong‘in sug‘urtasi majburiy bo‘ladi

Bozor va savdo markazlari uchun yong‘in sug‘urtasi majburiy bo‘ladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yong‘in xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.

Yangi hujjatga ko‘ra, bozorlar, savdo va savdo-ko‘ngilochar majmualar egalari o‘z obyektlarini yong‘indan majburiy sug‘urtalashi shart bo‘ladi. Shuningdek, yong‘in sodir bo‘lganda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun ham fuqarolik javobgarligi sug‘urtasi joriy etiladi.
Qonun loyihasida yonuvchi qurilish materiallaridan foydalanishni taqiqlash, binolarga qo‘yiladigan texnik talablarni kuchaytirish hamda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha audit tizimini joriy etish nazarda tutilgan. Shu bilan birga, mansabdor shaxslarning mas’uliyati oshirilib, yong‘in oqibatida yetkazilgan zarar uchun aybdorlardan kompensatsiya undirish mexanizmi ham kiritilmoqda.
Deputatlar amaldagi tizim yong‘in xavfsizligini to‘liq ta’minlay olmasligini ta’kidlab, yangi qonun profilaktika va nazorat choralarini kuchaytirishga xizmat qilishini bildirdi.
Mazkur qonun loyihasi Senat tomonidan ma’qullanib, prezident tomonidan imzolangach kuchga kiradi.
Bozor va savdo markazlari uchun yong‘in sug‘urtasi majburiy bo‘ladi | 12news