Endi banklar firibgarlar rasmiylashtirgan onlayn kreditlarni fuqarolardan undirmaydi

Onlayn kredit firibgarligidan jabrlangan fuqarolardan qarzni undirish to‘xtatiladi.
Onlayn kredit rasmiylashtirishda firibgarlikka uchragan fuqarolardan kredit va foizlarni undirish vaqtincha to‘xtatiladi. Bu Adliya vazirligi va Markaziy bank tomonidan tasdiqlangan yangi nizomda belgilandi.
Ma’lum qilinishicha, agar fuqaroning nomiga firibgarlik yo‘li bilan onlayn kredit rasmiylashtirilgan bo‘lsa va u surishtiruv organlari, tergovchi, prokuror qarori yoki sud ajrimi bilan jabrlanuvchi deb topilsa, kredit tashkiloti:
- ushbu kredit bo‘yicha qarzni hisoblashni,
- foizlarni qo‘shishni,
- hamda undirishni to‘xtatadi.
Bunda kredit tashkiloti yetkazilgan moddiy zararni firibgarlikni sodir etgan shaxsdan regress tartibida undirish huquqiga ega bo‘ladi.
Agar kredit tashkiloti firibgarlik holatidan shubhalansa, u belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishi mumkin.
Shu bilan birga, tergov yoki sud qaroriga ko‘ra firibgarlik holati aniqlanmasa, kredit tashkiloti kredit va foizlarni undirishni davom ettiradi.

