Endi o’zbekistonliklar ham Shvetsiyada magistraturada bepul ta’lim olishi mumkinmi?

O‘zbekiston fuqarolari endilikda Shvetsiyada magistratura bosqichida bepul ta’lim olishi mumkin.
Mamlakat Swedish Institute Scholarships for Global Professionals (SISGP) dasturi doirasida grant ajratiladigan davlatlar ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, SISGP dasturi rivojlanayotgan mamlakatlardan bo‘lgan, barqaror rivojlanishga hissa qo‘shishni maqsad qilgan istiqbolli mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Dastur Shvetsiyaning 29 ta yetakchi oliy ta’lim muassasasida amalga oshirilayotgan ingliz tilidagi magistratura dasturlarini qamrab oladi.
Ular orasida Yevropaning nufuzli universitetlari — KTH, Lund University, Uppsala University, Karolinska Institute, Chalmers University va boshqa oliygohlar mavjud.
O‘zbekiston fuqarolari quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha magistratura dasturlariga hujjat topshirishlari mumkin:
- • davlat boshqaruvi;
- • tibbiyot;
- • tadbirkorlik va innovatsiyalar;
- • STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika).
Tanlov qoidalariga ko‘ra, o‘qish dasturini tanlash nomzod ixtiyorida qoladi. Shu bilan birga, barqaror rivojlanish ustuvor yo‘nalishlariga mos keladigan hamda olingan bilimlarni nomzodning o‘z mamlakatida amaliy qo‘llash imkoniyatini ko‘rsatib beradigan arizalarga ustunlik beriladi.
Ariza topshirish jarayoni ikki parallel bosqichdan iborat:
- • nomzod tomonidan magistratura dasturini tanlash, bunda birinchi tanlov sifatida eng maqbul universitetni ko‘rsatish muhim;
- • tanlangan dasturlar bo‘yicha universitetlarga markazlashgan platforma — www.universityadmissions.se orqali 2026 yil 15 yanvarga qadar hujjat topshirish;
- • Shvetsiya instituti stipendiyasi uchun arizalarni 2026 yil 9–25 fevral kunlari topshirish.
Nomzodlarga qo‘yiladigan asosiy talablar quyidagilardan iborat:
- • tugallangan oliy ma’lumot (kamida bakalavr darajasi);
- • ingliz tilini belgilangan darajada bilish;
- • o‘qish yo‘nalishiga mos kamida bir yillik professional ish tajribasi;
- • liderlik salohiyati hamda olingan bilimlarni O‘zbekistonda amalga oshirish imkoniyatini aks ettiruvchi motivatsion xat.
Ma’lumot uchun, Shvetsiya instituti Shvetsiya haqida global miqyosda axborot tarqatish, shuningdek, madaniyat, ta’lim, fan, demokratiya va barqaror rivojlanish sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi davlat tashkiloti hisoblanadi.
Avvalroq O‘zbekiston Shvetsiya bilan migratsiya sohasida qo‘shma deklaratsiya imzolagan edi. Unda noqonuniy migratsiyaning oldini olish, mehnat migratsiyasi bo‘yicha tashkillashtirilgan tizim yaratish hamda shved mehnat bozori uchun o‘zbekistonlik mutaxassislarni tayyorlash masalalari muhokama qilingan.

