Eng yaxshi xorijiy universitet bitiruvchilariga 880 mln so‘mdan ortiq ipoteka ajratiladi

O‘zbekistonda dunyoning eng yaxshi 100 ta oliy ta’lim muassasasini tamomlagan ilmiy kadrlar uchun yangi uy-joy kreditlari berish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Yangi qarorga ko‘ra, fuqarolar yangi qurilayotgan uy-joylarni xarid qilish uchun ipoteka kreditidan foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Kreditning maksimal miqdori 2150 BHM (taxminan 885,8 mln so‘m)ni tashkil etadi, to‘lov muddati esa 10 yil qilib belgilangan.
Mablag‘lar tijorat banklari tomonidan yillik 14 foiz stavkada ajratiladi. Ariza topshirish jarayoni to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali amalga oshiriladi.
Ariza tasdiqlanishi uchun nomzod bir qator talablarga javob berishi kerak. Jumladan, u O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi, murojaat vaqtida 35 yoshdan oshmagan bo‘lishi, dunyoning yetakchi reytinglarida top-100 ga kiruvchi universitetlardan birida ilmiy daraja olgan bo‘lishi hamda diplomni nostrifikatsiyadan o‘tkazgan bo‘lishi lozim.
Hujjatlar to‘plami ariza va quruvchi kompaniya bilan tuzilgan oldi-sotdi shartnomasidan iborat bo‘ladi. Tijorat banki murojaatni 3 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi va to‘lov qobiliyatini baholab, o‘z xulosasini Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuboradi. Kredit miqdori esa sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 80 foizigacha qismini qoplashi mumkin.