Etihad Airways 17-avgustdan Toshkent–Abu Dabi yo‘nalishida muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yadi

Etihad Airways 17-avgustdan boshlab O‘zbekistonga muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, kelishuv Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev hamda aviakompaniyaning bosh operatsion direktori kapitan Majed Al-Marzuki o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunida erishilgan. Muzokaralar davomida ikki davlat — O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi aviaaloqalarni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Kelishuvga ko‘ra, aviakompaniya Toshkent – Abu Dabi – Toshkent yo‘nalishida muntazam reyslarni amalga oshiradi. Ushbu qatnovlar orqali o‘zbekistonlik yo‘lovchilar aviakompaniyaning global tarmog‘iga ulanib, Yevropa, Osiyo, Avstraliya, Afrika va Shimoliy Amerikadagi 70 dan ortiq yo‘nalishlarga qulay parvoz qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Avvalroq, 2025-yil iyul oyida Etihad Airways Toshkentga parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingan edi. Dastlab 2026-yil mart oyidan haftasiga 6 ta reys amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 2025-yil oktabr oyida O‘zbekiston Fuqaro aviatsiyasi agentligi aviakompaniyaga ushbu yo‘nalishda parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma bergan. Parvozlarda Airbus A320 va A321 rusumidagi samolyotlardan foydalanilishi rejalashtirilgan.