Finlyandiyada uylar data-markazlar issiqligi hisobiga isitilmoqda

Finlyandiyada turar joylarni isitish uchun noodatiy, ammo samarali yechim joriy etila boshlandi.
Mamlakatda Microsoft va Google’ga tegishli data-markazlardan chiqadigan issiqlik markazlashtirilgan isitish tizimlariga uzatilmoqda va u bepul ravishda aholiga yetkazilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, serverlar ma’lumotlarni qayta ishlash jarayonida qiziydi. Odatda bu issiqlikni yo‘qotish uchun sovitish minoralari va suv bug‘lantirish usullari qo‘llanardi. Finlyandiyada esa bu issiqlikdan foydali energiya manbai sifatida foydalanish yo‘lga qo‘yildi.
Yangi tizim quyidagicha ishlaydi: serverlar 50–80 darajagacha qiziydi, sovitish minoralari o‘rniga suv aylanish konturlari qo‘llanadi. Qizigan suv 75–90 darajagacha yetib, markazlashtirilgan isitish tarmog‘iga uzatiladi. Issiqlik yer osti quvurlari orqali uylarga tarqatiladi, sovigan suv esa yana data-markazga qaytariladi.
Mutaxassislarning aytishicha, bitta yirik data-markaz 10 mingtagacha uyni isitish imkoniyatiga ega. Xususan, Espoo shahrida Microsoft tomonidan qurilgan data-markaz atrofdagi turar joylarni issiqlik bilan ta’minlamoqda. Google esa Hamina shahrida binolarning qariyb 80 foizini issiqlik bilan ta'minlay oldi.
Rasmiylar bu yondashuvni ekologik jihatdan samarali deb baholamoqda. Chunki u energiya isrofini kamaytiradi, karbon chiqindilarini qisqartiradi va shaharlarda barqaror isitish tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Mazkur tajriba kelajakda boshqa Yevropa davlatlari uchun ham namuna bo‘lishi mumkin.

