«GigaChat» sun’iy intellekti moliyaviy tahlilchi sertifikatini qo‘lga kiritdi

Sberbank’ga tegishli «GigaChat» sun’iy intellekti moliyaviy tahlilchi sertifikati (SFA) bo‘yicha professional imtihonni muvaffaqiyatli topshirdi. Bu haqda bank vakillari CNews’ga ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha , neyron tarmoq mikro va makroiqtisodiyot, moliyaviy hisob, korporativ moliya, etika hamda hosilaviy moliyaviy instrumentlar bo‘yicha savollarni o‘z ichiga olgan murakkab test sinovidan o‘tgan. Imtihon topshiriqlari sizib chiqishining oldini olish va xolislikni ta’minlash maqsadida «GigaChat» alohida sessiyada, tashkilotchilar reglamentiga muvofiq topshirgan.
Natijalarga ko‘ra, «GigaChat» belgilangan o‘tish balidan 10 foizdan ortiq ko‘rsatkich qayd etgan. U uchun eng qiyin yo‘nalish sifatida korporativ moliya bo‘lgan bo‘lsa, «Muqobil investitsiyalar» bo‘limida sun’iy intellekt yuqori natija ko‘rsatgan.
SFA sertifikati moliya bozorida umumqabul qilingan standartlardan biri bo‘lib, u mutaxassisning yuqori malakasini tasdiqlaydi. Imtihon Milliy moliyaviy assotsiatsiya (NFA) va Moliyaviy tahlilchilar assotsiatsiyasi (AFA) tomonidan ishlab chiqilgan va AQShdagi CFA sertifikatining birinchi darajasiga yaqin hisoblanadi. Test ikki bosqichda, har biri uch soatdan iborat, jami 120 savolni qamrab oladi.
Sberbank boshqaruvi raisining o‘rinbosari Taras Skvortsovning ta’kidlashicha, ushbu natija «GigaChat»ning moliya sohasidagi bilimlari yuqori darajada ekanini tasdiqlaydi. Uning aytishicha, bu loyiha professional moliyaviy AI-assistent yaratish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Milliy moliyaviy assotsiatsiya prezidenti Vasiliy Zablotskiy esa «GigaChat»ning sertifikatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tganini noodatiy, biroq ijobiy tajriba sifatida baholab, sun’iy intellekt yuqori murakkablikdagi savollarni ishonchli tarzda uddalaganini qayd etdi.

