Haydovchilar uchun yangi tizim: jarima “transferi” va 5 yillik “texpasport”

2026-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekistonda avtomobil egalari va haydovchilar uchun muhim o‘zgarishlar kuchga kirdi.
Endilikda transport vositasini ishonchnoma yoki boshqa fuqarolik-huquqiy asosda boshqarayotgan shaxslar yo‘l harakati qoidalarini buzgan taqdirda, jarimalar bevosita o‘sha shaxs nomiga rasmiylashtiriladi.
Hukumat qarori bilan tasdiqlangan yangi tartibga ko‘ra, avtomobil egasi boshqaruv huquqini boshqa shaxsga rasmiy ravishda topshirishi va bu haqda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatini xabardor qilishi mumkin bo‘ladi. Bu jarayon Yagona portal yoki YHXXning maxsus mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.
Buning uchun transport egasi tizimda shaxsiy kabinet ochib, tegishli so‘rovnomani to‘ldiradi va boshqaruv huquqi berilgan muddatni ko‘rsatadi. Boshqaruvchi shaxs esa ushbu so‘rovni elektron raqamli imzo, Mobile-ID yoki Face-ID orqali tasdiqlashi kerak bo‘ladi. Tasdiqdan so‘ng, qoidabuzarliklar uchun javobgarlik avtomatik ravishda o‘sha shaxs zimmasiga o‘tadi.
Mazkur xizmat pullik bo‘lib, undan foydalanish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi — 41,2 ming so‘m miqdorida yig‘im undiriladi.
Yana bir muhim yangilik — endilikda avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi (“texpasport”) 5 yil muddatga beriladi. Shu muddat tugagach, hujjatni yangilash talab etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov stavkalari qayta ko‘rib chiqilgan edi. Jumladan, elektromobillar va mototransport vositalari uchun 510 ming so‘m, boshqa transport vositalari uchun esa 2,32 million so‘m miqdorida to‘lov belgilangan.
Shuningdek, moped va skuterlar uchun davlat raqami olish yig‘imi 562,5 ming so‘m etib tasdiqlangan. 2025-yil noyabr oyidan esa gaz ballonli avtomobillar bo‘yicha ma’lumotlarni elektron yuritish joriy etilib, qayta rasmiylashtirish talabi bekor qilingan edi.
Yangi tartiblar transport boshqaruvida mas’uliyatni aniq belgilash va jarimalarni adolatli taqsimlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.