HUMO kartalarida SMS narxi o‘zgarishsiz qoladi

HUMO 1-maydan boshlab SMS-xabarnoma narxi oshirilmasligini rasman ma’lum qildi.
To‘lov tizimi bayonotiga ko‘ra, HUMO kartalari uchun 13131 raqamidan yuboriladigan bitta SMS narxi avvalgidek 84,2 so‘m bo‘lib qoladi.
Avvalroq xizmat ko‘rsatuvchi Octotelecom kompaniyasi 1-maydan tarifni ikki barobarga oshirib, 168,4 so‘mga yetkazishni rejalashtirganini e’lon qilgandi.
Mazkur vaziyatdan so‘ng HUMO tomonidan amaldagi tarifni saqlab qolish bo‘yicha rasmiy murojaat yuborilgan. O‘tkazilgan qo‘shimcha tahlillar va muzokaralar natijasida tomonlar narxni o‘zgartirmaslikka kelishib oldi.
Natijada foydalanuvchilar uchun SMS-xabarnoma xizmati narxi o‘zgarishsiz qoladigan bo‘ldi.