Kredit va mikroqarz reklamalariga yangi talab joriy etiladi

Kredit va mikroqarz reklamalariga yangi talab joriy etiladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kredit va mikroqarzlar reklamasi bilan bog‘liq yangi tartibni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi.

Hujjatga ko‘ra, endilikda kredit va mikroqarzlar reklamasida qarz majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xatarlarni keltirib chiqarishi mumkinligi haqida majburiy ogohlantirish berilishi shart bo‘ladi. Mazkur ogohlantiruvchi matn reklama maydoni yoki efir vaqtining kamida 10 foizini egallashi kerak.
Qonun loyihasi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi. Uning asosiy maqsadi — moliyaviy xizmatlar reklamasini tartibga solish, aholining kreditga oid xavf-xatarlar haqidagi xabardorligini oshirish hamda mas’uliyatli qarz olish madaniyatini shakllantirishdan iborat.
Muhokamalar davomida deputatlar ayrim normalar yuzasidan tashabbuskorlarga aniqlashtiruvchi savollar bergan.
Avvalroq Markaziy bank vakillari kredit reklamalarida xatarlar haqida ogohlantirish joriy etishni taklif qilgan edi. Unga ko‘ra, reklamalarda nafaqat kredit shartlari, balki uning mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlari ham ko‘rsatilishi kerak.
Xususan, to‘lovlarning kechiktirilishi kredit tarixining yomonlashishiga, keyinchalik kredit olish imkoniyatining cheklanishiga yoki foiz stavkalarining oshishiga olib kelishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
Shuningdek, Raqobat qo‘mitasi ham kredit reklamalarida ogohlantirishlarni majburiy qilish tashabbusini ilgari surgan edi. Bu choralar aholining moliyaviy savodxonligini oshirish va ortiqcha qarzdorlikning oldini olishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Kredit va mikroqarz reklamalariga yangi talab joriy etiladi | 12news