Markaziy bank asosiy stavkani 14 foizda qoldirdi

Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani o‘zgarishsiz — 14 foiz darajasida saqlab qolishga qaror qildi.
Regulyator bu qarorni iqtisodiyotda yalpi talabning yuqoriligi, xizmatlar inflyatsiyasining barqarorligi va inflyatsion kutilmalarning biroz oshgani bilan izohladi.
2025-yilda iqtisodiy faollik kutilganidan yuqori darajada shakllandi, yalpi talab ustuvor bo‘ldi. Inflyatsiya pasayishda davom etib, tovarlar narxlari o‘sishi sekinlashmoqda. Dekabr oyida umumiy inflyatsiya yillik 7,3 foizga tushdi, bazaviy inflyatsiya esa 5,7 foizga sekinlashdi.
Shu bilan birga, xizmatlar inflyatsiyasi yuqori, inflyatsion kutilmalar biroz oshgan va qish mavsumida oziq-ovqat yetkazib berishdagi uzilishlar narxlarga bosim yaratishi mumkin.
Tashqi muhitdagi noaniqliklar mo‘’tadil bo‘lishi kutilmoqda, qimmatbaho metallar narxlari esa eksport tushumlarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Ichki valyuta bozorida so‘m 2025-yilda 6,9 foizga mustahkamlandi, bu import inflyatsiyasi bosimini kamaytirishga va tashqi qarzga xizmat xarajatlarini yengillatishga yordam berdi.
Yil yakuni bo‘yicha iqtisodiy o‘sish sur’atlari 6,5−7 foiz, inflyatsiya darajasi esa 6,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Inflyatsiya va kutilmalar barqaror pasayishda davom etsa, kelgusi choraklarda asosiy stavkani pasaytirish imkoniyati ko‘rib chiqiladi. Navbatdagi yig‘ilish 2026-yil 18-martga belgilangan.

