Mart oyi narxlari: qaysi mahsulotlar qimmatlashdi, qaysilari arzonlashdi?

Markaziy bank Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida 2026-yil mart oyi uchun inflyatsiya ko‘rsatkichlarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, umumiy inflyatsiya darajasi 7,1% ni tashkil etib, 2022-yildagi 12,3% ko‘rsatkichga nisbatan sezilarli darajada pasaygan.
Shunga qaramay, ayrim mahsulot va xizmatlar narxida keskin o‘sish kuzatildi. Oziq-ovqat mahsulotlari orasida eng katta qimmatlashuv limon hissasiga to‘g‘ri keldi — uning narxi yillik hisobda 91,4% ga oshgan. Shuningdek, mandarin (22,9%), olma (19,9%), qo‘y go‘shti (18,2%), tuxum (17%) va kartoshka (16,3%) narxlari ham sezilarli oshgan.
Aksincha, ayrim sabzavot va poliz mahsulotlari keskin arzonlashdi. Xususan, qovoq narxi 51,9% ga pasaygan bo‘lsa, baqlajon (-30,4%), sarimsoq (-23,8%), tarvuz (-22,2%) va bodring (-19,1%) ham eng ko‘p arzonlashgan mahsulotlar qatoriga kirdi.
Nooziq-ovqat mahsulotlari segmentida esa metan narxi 30,3% ga oshib, yetakchi bo‘ldi. Bundan tashqari, nikoh uzugi (29,7%), gazeta (17,5%) va sement (15,8%) narxlari ham sezilarli o‘sdi. Shu bilan birga, ayrim maishiy texnika va oshxona jihozlari narxida biroz pasayish kuzatildi.
Xizmatlar sohasida esa eng katta o‘sish shaxsiy transport sug‘urtasi narxida qayd etildi — u 281,8% ga oshgan. Trolleybus yo‘l haqi ham 100% ga ko‘tarilgan. Shuningdek, tarmoq gaz, haydovchilik kurslari va sovuq suv xizmatlari narxi ham yuqori sur’atlarda o‘sgan.
Ayni paytda ichki va xalqaro aviaqatnovlar, pul o‘tkazmalari hamda ayrim ta’lim xizmatlari narxida pasayish kuzatildi.
Umuman olganda, inflyatsiya pasaygan bo‘lsa-da, ayrim mahsulot va xizmatlar narxidagi keskin o‘zgarishlar iste’mol bozori dinamikasini saqlab qolmoqda.