McDonald’s ozish uchun dori ichadiganlarga menyusini moslashtiryapti. Nima o’zgarishlar bo’ladi?

McDonald’s ozish uchun dori ichadiganlarga menyusini moslashtiryapti. Nima o’zgarishlar bo’ladi?

Ozish preparatlari bozori o‘smoqda, McDonald’s esa menyuni shunga moslab o’zgartiryapti.

McDonald’s GLP-1 dorilarini qabul qilayotgan mijozlar soni ortib borayotgan bir paytda menyusini moslashtirish ustida ishlamoqda. Bu haqda Business Insider nashri xabar berdi.
Kompaniya rahbariyati choraklik moliyaviy hisobot taqdimoti chog‘ida GLP-1 preparatlarini qabul qilayotgan iste’molchilar uchun mo‘ljallangan yangi menyu pozitsiyalari sinovdan o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.
McDonald’s bosh direktori Chris Kempczinski GLP-1 dorilaridan foydalanish ko‘lami kengayishda davom etishini kutayotganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bunday preparatlar ommalashgani sari iste’molchilarning ovqatlanish odatlari ham o‘zgaradi.
Unga ko‘ra, GLP-1 qabul qilayotgan mijozlar oqsilga boy mahsulotlarga ko‘proq qiziqish bildirmoqda. Kompaniya menyusida allaqachon yuqori oqsilli taomlar mavjud. McDonald’s vitse-prezidenti Jill McDonald misol tariqasida Snack Wrap, Sausage Biscuit sendvichi hamda tovuqli McCrispy Strips mahsulotlarini keltirdi.
Shu bilan birga, kompaniya rahbariyati iste’molchilarning boshqa odatlarida ham o‘zgarish kuzatilayotganini qayd etdi: gazak qilish kamaymoqda, ichimlik tanlovi o‘zgarmoqda, shirin ichimliklar kamroq iste’mol qilinmoqda. Ayni omillar yangi mahsulotlarni ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazishda inobatga olinmoqda.
Jill McDonald uzoq muddatli istiqbolda GLP-1 qabul qilayotgan mijozlarga yanada mos xizmat ko‘rsatish bo‘yicha rejalar ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi, biroq tafsilotlarni ochiqlamadi.
AQShda GLP-1 dorilaridan foydalanish sur’ati ortmoqda. EY kompaniyasining iste’mol tovarlari bo‘yicha eksperti o‘tgan yili Business Insider nashriga bergan ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat aholisining qariyb 10 foizi GLP-1 turidagi preparatlarni qabul qilmoqda. Bunday dorilar — jumladan, Ozempic va Wegovy — ishtahani pasaytiradi va kichik porsiyalarni tanlashga undaydi.
Mazkur tendensiya AQSh oziq-ovqat va ichimliklar bozoriga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
Qadoqlangan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi General Mills va Conagra Brands ham ishtahasi kamaygan iste’molchilarga mo‘ljallangan kichik porsiyali mahsulotlarni taklif etmoqda. Conagra o‘zining Healthy Choice muzlatilgan taomlarining ayrimlarini “GLP-1 Friendly” deb belgilagan.
Shuningdek, 2025 yil dekabr oyida Shake Shack “Good Fit Menu” nomli yangi menyuni taqdim etdi. Unda yuqori oqsilli, glyutensiz, vegetarian va “GLP-1-friendly” variantlar mavjud bo‘lib, uchta burger bulochka o‘rniga salat bargiga o‘ralgan holda taklif etilgan.
Kompaniyaning so‘nggi chorakdagi global taqqoslanadigan savdolari 5,7 foizga oshgan. Tushum qariyb 7 milliard dollarni tashkil etgan. Moliyaviy natijalar e’lon qilingach, McDonald’s aksiyalari narxi deyarli o‘zgarmagan.
McDonald’s ozish uchun dori ichadiganlarga menyusini moslashtiryapti. Nima o’zgarishlar bo’ladi? | 12news