Metan zapravkalar 12-mart kuni faqat jamoat transporti uchun ishlaydi

Metan zapravkalar vaqtincha cheklanadi.
12-mart kuni O‘zbekistondagi metan zapravkalar barcha avtomobillar uchun odatdagidek ishlamaydi. Energetika vazirligi ma’lum qilishicha, CNG shoxobchalari vaqtincha faqat ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi transport hamda jamoat transporti uchun faoliyat yuritadi.
Vazirlikka ko‘ra, hozirda magistral gaz quvurlarida bosimni rostlash va uni me’yoriy darajaga keltirish ishlari davom etmoqda. Gaz bosimining pastligi sababli tabiiy gazni birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlariga uzluksiz yetkazib berish ustuvor vazifa etib belgilangan.
Shu bilan birga, birja savdolariga chiqarilayotgan avtobenzin hamda suyultirilgan gaz (propan) hajmi oshirilgani va bozorga yetarli miqdorda yetkazib berilayotgani ta’kidlandi.
Energetika vazirligi xususiy avtozapravkalar egalaridan narxlarni sun’iy ravishda oshirmaslikni, shuningdek, avtobenzinni sifat va miqdor jihatidan belgilangan tartibda sotishni so‘radi.
Ma’lum qilinishicha, vakolatli tashkilotlar tomonidan nazorat kuchaytiriladi va yoqilg‘i narxlarini asossiz oshirish holatlariga yo‘l qo‘yilmaydi.