Milliy investitsiya jamg‘armasi IPOsi boshlandi

Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalarining dastlabki ommaviy taklifi (IPO) rasman start oldi. Joylashtirish jarayoni bir vaqtning o‘zida London Stock Exchange hamda Toshkent Respublika fond birjasi maydonlarida o‘tkazilmoqda.
IPO 12-mayga qadar davom etadi, savdolar esa taxminan 18-maydan boshlanishi kutilmoqda.
Taklif narxlari quyidagicha belgilangan:
- bitta oddiy aksiya — 4,65 so‘m;
- bitta global depozitar tilxat (GDR) — 25 AQSh dollari (1 GDR = 64 700 ta aksiya).
Mahalliy investorlar uchun qo‘shimcha imtiyoz ham nazarda tutilgan: 12 mlrd so‘mgacha bo‘lgan aksiyalarni 5 foiz chegirma bilan, ya’ni har bir aksiya uchun 4,41 so‘mdan xarid qilish mumkin.
Mazkur narxlardan kelib chiqib, jamg‘arma qiymati taxminan 2 mlrd dollarga baholanmoqda. Bu esa IPO oldidan kutilgan 2,4 mlrd dollarlik bahodan pastroq ko‘rsatkichni anglatadi.
IPO doirasida jamg‘arma aksiyalarining 30 foizi ochiq savdolarga chiqarilmoqda. Investorlar aksiyalarni mahalliy brokerlar yoki maxsus investitsiya ilovalari orqali sotib olishlari mumkin.