Mobil operatorlar uchun yangi talab: faqat qo‘ng‘iroq va SMS tariflari joriy etilishi mumkin

Mobil operatorlar uchun yangi talab: faqat qo‘ng‘iroq va SMS tariflari joriy etilishi mumkin

O‘zbekistonda mobil aloqa operatorlari uchun yangi talablar joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, kompaniyalar internet trafiklarisiz, faqat qo‘ng‘iroq daqiqalari va SMSlardan iborat alohida tarif rejalarini taklif qilishi majburiy bo‘lishi mumkin.

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Hujjatda telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish uchun litsenziya shartlariga bir qator o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilgan.
Taklif etilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra:
  • mobil operatorlar aholining turli qatlamlari uchun qulay bo‘lgan, internet trafikni o‘z ichiga olmaydigan tariflarni joriy etishi shart bo‘ladi;
  • tarif nomlarini abonent to‘lovi miqdoriga yoki ichidagi xizmatlarga bog‘lab nomlash amaliyoti cheklanadi.
Mutaxassislar qayd etishicha, hozirgi amaliyotda ayrim operatorlar tarif nomini narx bilan bog‘lab, keyinchalik abonent to‘lovini oshirmoqda. Bu esa foydalanuvchilarni chalg‘itib, ortiqcha xarajatlarga olib kelmoqda.
Masalan, avval 35 ming so‘m bo‘lgan ayrim tariflar keyinchalik 45 ming so‘mgacha oshirilgan, biroq nomi o‘zgarmagan. Shu kabi holatlar iste’molchilarda noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otmoqda.
Bundan tashqari, aksariyat tariflarga majburiy tarzda internet trafik qo‘shilgani sababli, undan foydalanmaydigan ayrim toifadagi mijozlar — keksalar, maktab o‘quvchilari yoki internetga ehtiyoji kam bo‘lgan foydalanuvchilar ortiqcha xarajat qilmoqda.
Xalqaro tajribada esa bunday muammolar allaqachon hal etilgan. Masalan, Buyuk Britaniya va AQSHda faqat qo‘ng‘iroq va SMSdan iborat alohida tariflar mavjud bo‘lib, foydalanuvchilarga tanlash imkoniyati kengroq berilgan.
Qaror loyihasi yuzasidan fikr-mulohazalar 15-aprelga qadar qabul qilinadi. Yakuniy hujjat qabul qilinsa, bu o‘zgarishlar mobil aloqa xizmatlari bozorida shaffoflikni oshirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga xizmat qilishi kutilmoqda
Mobil operatorlar uchun yangi talab: faqat qo‘ng‘iroq va SMS tariflari joriy etilishi mumkin | 12news