my.gov.uz’da yangi xizmat: mobil raqamni onlayn qayta rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yildi

O‘zbekistonda mobil telefon raqamini boshqa shaxs nomiga o‘tkazish endi onlayn tarzda amalga oshiriladi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Yangi xizmat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, foydalanuvchilar endilikda operator ofislariga bormasdan turib, raqamni qayta rasmiylashtirishlari mumkin.
Buning uchun foydalanuvchi my.gov.uz portaliga kirib, “Telefon raqamini qayta rasmiylashtirish” xizmatini tanlaydi va ariza topshiradi. Arizada raqamni qabul qiluvchi shaxs haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Shundan so‘ng tizim avtomatik ravishda tegishli so‘rovni yuboradi.
Raqamni qabul qiluvchi shaxs o‘z shaxsiy kabinetida xabarnoma oladi va so‘rovni tasdiqlashi yoki rad etishi mumkin. Agar qabul qiluvchi rozilik bildirsa, ariza beruvchi jarayonni yakunlaydi. Yakuniy qaror mobil aloqa operatori tomonidan qabul qilinadi.
Xizmat 1–5 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. To‘lov miqdori esa mobil operatorlar tomonidan belgilangan tariflar asosida aniqlanadi. Muhimi, ushbu jarayon uchun foydalanuvchilardan qo‘shimcha hujjatlar talab etilmaydi.
Avval bunday xizmatdan foydalanish uchun har ikki tomon mobil aloqa operatori ofisiga shaxsan borishi shart edi. Yangi tizim esa bu jarayonni ancha soddalashtirib, masofadan turib amalga oshirish imkonini yaratdi.
Shuningdek, yaqinda qabul qilingan tartiblarga ko‘ra, foydalanuvchi akkauntiga faqat o‘ziga yoki yaqin qarindoshlariga tegishli karta va hisoblarni biriktirish mumkin. Ro‘yxatdan o‘tishda esa telefon raqami JSHSHIR bilan mosligi tekshiriladi — agar mos kelmasa, tizimga kirish cheklanadi.