Nestlé O‘zbekistonda bolalar ozuqasining ayrim partiyalarini nega qaytarib olmoqda?

Bunga tashqi yetkazib beruvchidan olingan xom ashyoda — araxidon kislotasida sereulid toksini bo‘lishi mumkinligi bilan bog‘liq ehtimoliy xavf aniqlangani sabab bo'lgan.
Nestlé kompaniyasi O‘zbekiston hududida bolalar ozuqasi mahsulotlarining ayrim partiyalarini ehtiyot chorasi sifatida ixtiyoriy ravishda qaytarib olmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, qaror tashqi yetkazib beruvchidan olingan xom ashyoda — araxidon kislotasida sereulid toksini bo‘lishi mumkinligi bilan bog‘liq ehtimoliy xavf aniqlangani sababli qabul qilingan. Ushbu jarayon Nestlé tomonidan butun dunyo bo‘ylab amalga oshirilayotgan global qaytarib olish choralarining bir qismi hisoblanadi.
Qaytarib olinayotgan mahsulotlar orasida tez eruvchan sutli va nordon sutli quruq aralashmalar, shuningdek, aminokislotalar asosidagi maxsus diyetik davolash uchun mo‘ljallangan quruq aralashmalarning ayrim partiyalari mavjud. Jumladan:
- NAN 1 OPTIPRO — 51490346AB, 51750346AA, 51900346AE, 51760346AA, 52180346AB, 52670346AE, 52680346AD, 51500346BA, 51910346BA;
- NAN 2 OPTIPRO — 5172080622, 5206080621, 5298080624, 5205080661, 5206080661, 5289080661, 5290080661, 5204080611, 5205080611;
- NAN Kislomolochniy (0–12 oy) — 51230017A1;
- NAN Supreme (0–12 oy) — 52790742C1;
- ALFARÉ Amino — 51050017Y2, 51470017Y1, 52730017Y1.
Kompaniyaning ta’kidlashicha, ushbu ingrediyent miqdori juda kam bo‘lib, O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlarida sereulid toksini miqdorini normalash talabi mavjud emas. Shunga qaramay, Nestlé ehtimoliy xavflarni minimallashtirish bo‘yicha qat’iy global siyosatiga muvofiq ravishda ushbu chorani ko‘rmoqda. Nestle Food MCHJ XK 2026-yil 5-yanvardan boshlab mazkur mahsulotlarning cheklangan partiyalarini qaytarish jarayonini boshlagan.
Shuningdek, kompaniya mahsulotni qaytarib olish qarori qat’iy sifat va xavfsizlik protokollariga muvofiq qabul qilinganini bildirdi. Regulyator organlar bu haqda xabardor qilingan. Nestlé iste’molchilar va mijozlarga barcha zarur ma’lumotlarni taqdim etishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, qaytarib olish chorasi faqat yuqorida sanab o‘tilgan partiyalarga taalluqli bo‘lib, Nestlé tomonidan O‘zbekistonda taqdim etilayotgan boshqa bolalar ozuqasi mahsulotlariga ta’sir qilmaydi. Ushbu mahsulotlarni xarid qilgan iste’molchilar ularni Nestle Food tomonidan belgilangan tartibda qaytarishlari mumkin.

