Nogiron bolalarga xizmat ko'rsatuvchi tadbirkorlarga soliq imtiyozi beriladi

Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirishga qaratilgan yangi tashabbuslarni ma’qulladi. Unga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan bolalarga xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar 2030-yilgacha soliqlardan ozod etiladi.
Yangi tartibga asosan, 3–18 yoshdagi nogiron farzandini kunduzgi parvarish xizmatlariga bergan ota-onalarning oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan xarajatlari daromad solig‘idan ozod qilinadi. Bu oilalarning moliyaviy yukini sezilarli darajada kamaytirishi kutilmoqda.
Shuningdek, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining vakolatlari kengaytiriladi. 1-iyundan boshlab ularning xodimlari tuman va shahar hokimliklari huzuridagi vasiylik va homiylik komissiyalari tarkibiga kiritiladi. Ruhiy holatida buzilishlari mavjud shaxslar ustidan vasiy va homiylar faoliyati doimiy nazoratga olinadi.
Yana bir muhim o‘zgarish — “Muruvvat” internat uylari bosqichma-bosqich “G‘amxo‘rlik” markazlariga aylantiriladi. Endilikda bu muassasalar shaxslarni jamiyatga moslashtirishga yo‘naltirilgan ijtimoiy xizmatlar markazi sifatida faoliyat yuritadi. U yerda yashovchilar sport, ijodiy va mehnat faoliyatlariga jalb qilinadi, mustaqil yashash ko‘nikmalari shakllantiriladi.
Takliflar paketida nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitish uchun javobgarlikni kuchaytirish, sud qarorlarini nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mos shaklda taqdim etish ham nazarda tutilgan. Ijtimoiy xizmatlar esa yagona reyestr orqali manzilli tarzda yetkaziladi.
Hozirda mamlakatda 396 nafar tadbirkor 4,4 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan bolaga kunduzgi parvarish xizmatlarini ko‘rsatmoqda. Yangi imtiyozlar ushbu yo‘nalishda xususiy sektor faolligini yanada oshirishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, ayrim toifalar uchun jamoat transportidan bepul foydalanish huquqini kengaytirish taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, I guruh nogironlari va ularga hamrohlik qiluvchi shaxslar hamda urush nogironlariga tenglashtirilgan fuqarolar ushbu imtiyozdan foydalanishi mumkin.
Shuningdek, zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarni ish bilan ta’minlash, bolalar huquqlarini himoya qilish va voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoyatlar uchun jazolarni kuchaytirish bo‘yicha ham yangi mexanizmlar joriy etiladi.