Onlayn mikroqarz olish tartibi o‘zgardi: bir kunda faqat bitta bankdan kredit rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi

O‘zbekistonda onlayn mikroqarz berish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi.
Endilikda bir JSHSHIR (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami) bo‘yicha 24 soat ichida faqat bitta kredit tashkilotidan kredit olish mumkin bo‘ladi.
Avvalroq Adliya vazirligi va Markaziy bank tomonidan masofadan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda firibgarlikning oldini olishga qaratilgan minimal talablar to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.
Nizomga muvofiq, onlayn kredit (mikroqarz) olish uchun ariza topshirilganda, kredit tashkiloti dastlab foydalanuvchi ma’lumotlarini kredit byurolari yuritadigan Kredit bitimini tuzish taqiqlangan shaxslar reyestri orqali tekshiradi.
Agar foydalanuvchi ma’lumotlari mazkur reyestrda aniqlansa, onlayn kredit berish to‘xtatiladi va arizaning rad etilish sabablari ko‘rsatilgan holda foydalanuvchiga SMS-xabarnoma yuboriladi. Agar reyestrda bunday ma’lumotlar aniqlanmasa, kredit ajratish jarayoni davom ettiriladi.
Shuningdek, kredit tashkiloti foydalanuvchining qarz yuki va to‘lov qobiliyatini baholash maqsadida kredit byurolariga so‘rov yuboradi. So‘rovda ariza topshirilgan vaqt, foydalanuvchining roziligi, JSHSHIR, kredit summasi, muddati, foiz stavkasi, turi va valyutasi, shuningdek kredit tarixini o‘rganish maqsadiga oid ma’lumotlar aks ettiriladi.
Agar bir JSHSHIR bo‘yicha bir vaqtning o‘zida bir nechta kredit tashkiloti so‘rov yuborsa, kredit byurosi faqat birinchi yuborilgan so‘rovga javob beradi. Birinchi so‘rov yuborgan tashkilot kredit ajratilmasligini bildirgan taqdirda, keyingi so‘rovlarga javob beriladi. Agar kredit rasmiylashtirilgani ma’lum qilinsa, ushbu JSHSHIR bo‘yicha 24 soat davomida boshqa kredit tashkilotlaridan so‘rovlar qabul qilinmaydi.
Olingan ma’lumotlar asosida kredit tashkiloti ichki qoidalariga muvofiq kredit ajratish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Ijobiy qaror qabul qilinganda foydalanuvchiga mavjud qarzdorliklari va yangi kreditning to‘liq qiymati ko‘rsatilgan PUSH-xabar hamda SMS yuboriladi. Foydalanuvchi kreditni rasmiylashtirishni davom ettirishi yoki arizasini bekor qilishi mumkin.
Pul mablag‘lari o‘tkazilishidan oldin masofaviy biometrik identifikatsiya o‘tkaziladi. Onlayn kredit rasmiylashtirilgani yoki rad etilgani haqidagi ma’lumotlar real vaqt rejimida kredit byurolariga uzatiladi.
Bundan tashqari, kredit va to‘lov tashkilotlari firibgarlik holatlarining oldini olish maqsadida qo‘shimcha choralar ko‘rishi, shuningdek mobil ilovalarda alohida “Firibgarlik haqida xabar berish” bo‘limini joriy etishi shart bo‘ladi. Ushbu bo‘limda quyidagi ma’lumotlarni kiritish imkoniyati yaratiladi:
- foydalanuvchining ism-sharifi;
- pasport yoki ID-karta seriyasi va raqami;
- tug‘ilgan sanasi;
- akkauntda ro‘yxatdan o‘tgan telefon raqami;
- firibgarlik holati tavsifi;
- yo‘qotilgan pul mablag‘i miqdori;
- holat sodir etilgan vaqt.
Mazkur hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

