O‘zbekistonda 2 mingta import dori vositalarining ulgurji narxi pasaytiriladi

O‘zbekistonda 2 ming nomdagi import dori vositalarining ulgurji narxlari 40–60 foizga pasaytirildi. Bu referent narxlarni qayta belgilash hisobiga amalga oshirildi.
Prezidentga sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot qilindi. Unda respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazlar va klinikalar faoliyatini o‘rganish natijalari muhokama qilindi. Ishchi guruhlar 2025-yil sentabr–dekabr oylarida 37 ta respublika darajasidagi tibbiyot muassasasida tekshiruv o‘tkazib, qator tashkiliy va boshqaruv kamchiliklarini aniqlagan.
Aniqlangan muammolarni bartaraf etish uchun 27 banddan iborat chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. U tibbiy xizmat sifati, boshqaruv tizimi, kadrlar salohiyati, ilmiy-tadqiqot faoliyati, moliyaviy intizom va resurslardan samarali foydalanish yo‘nalishlarini qamrab oladi. Islohotlarga xorijiy ekspertlarni jalb etish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Respublika onkologiya markazi va uning hududiy filiallarini modernizatsiya qilish loyihasi taqdim etildi. Avval Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda $61 mlnlik tibbiy uskunalar xarid qilingan, qo‘shimcha ravishda yana $5,6 mln va $10 mln hisobidan yangi jihozlar, jumladan, radiofarmatsevtika ishlab chiqarish uchun siklotron va laboratoriya xarid qilish taklif etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda farmatsevtika tarmog‘ida $2,3 mlrdlik 156 ta loyiha amalga oshirilmoqda. 2025-yilda $362 mln xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan va 2,4 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Tarmoq korxonalari 7,3 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarib, 55 ta davlatga $220 mlnlik mahsulot eksport qilgan.
Prezident takliflarni ma’qullab, belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

