O‘zbekistonda 2027-yili uzunligi 50 km bo‘lgan birinchi pulli yo‘l paydo bo‘ladi

2027-yilda uzunligi 50 km bo‘lgan dastlabki pulli yo‘llar foydalanishga topshiriladi.
2027-yilda uzunligi 50 km bo‘lgan dastlabki pulli yo‘llar foydalanishga topshiriladi. Keyingi yillarda ularning umumiy uzunligi bosqichma-bosqich oshirilib, 2028-yilda 75 km, 2029-yilda 100 km va 2030-yilga kelib 130 km.ga yetkazilishirejalashtirilgan.
Kelgusi 5 yil ichida Toshkent — Samarqand hamda Toshkent — Farg‘ona vodiysi yo‘nalishlarida pulli avtomobil magistrallari qurilishi ko‘zda tutilmoqda. Ushbu loyihalar davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 2023-yil sentabrda tasdiqlangan dastlabki variantida ham aynan shu yo‘nalishlarda yangi avtomobil yo‘llari barpo etish rejalari qayd etilgan edi.
Shuningdek, 2025-yil dekabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan yillik murojaatida 2026-yildan Toshkent — Samarqand, Toshkent — Andijon, Toshkent — Bo‘stonliq, Pungan — Namangan hamda Qarshi — Shahrisabz yo‘nalishlarida umumiy uzunligi 800 km bo‘lgan yuqori tezlikka mo‘ljallangan avtomobil yo‘llari qurilishi boshlanishini e’lon qilgan.
Bundan tashqari, Toshkent va Chorvoq o‘rtasida uzunligi 56 km bo‘lgan pulli avtomobil yo‘li barpo etilishi rejalashtirilgan. Mazkur loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari 2026-yil o‘rtalariga qadar ishlab chiqilishi, yil oxiriga kelib esa qurilish ishlariga start berilishi ko‘zda tutilmoqda. Ushbu yo‘lda yillik avtomobillar oqimi 250 mingni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

