O‘zbekistonda 50 yildan oshgan avtomobillardan foydalanish taqiqlanadi

O‘zbekistonda 1-fevraldan boshlab ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan transport vositalaridan foydalanish taqiqlanadi. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 1-fevraldan boshlab ayrim toifadagi transport vositalari uchun alohida seriyali davlat raqam belgilari joriy etiladi. Jumladan, umumiy vazni (yuki bilan) 44 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari, konlar, shaxta va karyerlarda foydalaniladigan maxsus texnikalar, yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilar hamda “antikvar” avtomototransportlar shular jumlasidan.
Shuningdek, ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan transport vositalaridan foydalanish hamda ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanadi. Ushbu transportlar belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan chiqariladi.
Bundan tashqari, avtomotранспорт vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomada mulkdorning manzilini ko‘rsatish talabi bekor qilinadi.
Avtomottransportni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida ayrim hujjatlar vakolatli organlardan idoralararo elektron hamkorlik orqali olinadi. Bular qatoriga oldi-sotdi shartnomalari, elektron onlayn auksion bayonnomalari, davlat ulushi mavjud korxonalar tomonidan beriladigan elektron hisob-ma’lumotlar hamda transport vositasi mulkdori haqidagi ma’lumotlar kiradi.

