O‘zbekistonda avtokredit foizlari rekord darajada pasaydi

Hozirda mikroqarzlar bo‘yicha foiz stavkalari banklarda 22,4 foizdan 42,7 foizgacha bo‘lgan oraliqda taklif qilinmoqda.
O‘zbekiston banklarida avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 22,5 foizgacha tushdi. Bu ko‘rsatkich e’lon qilina boshlaganidan beri eng past daraja hisoblanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, foiz stavkasi o‘tgan haftaga nisbatan 0,4 foiz bandga kamaygan. Natijada banklarda avtokreditlar bo‘yicha foizlar o‘rtacha 16,9 foizdan 27,9 foizgacha bo‘lgan oraliqda shakllanmoqda.
Mutaxassislarning qayd etishicha, foizlarning pasayishiga banklar tomonidan avtomobil ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlikda taklif etilayotgan past foizli kredit dasturlarining ko‘paygani sabab bo‘lgan.
Shu bilan birga, mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi aksincha oshdi. Bu hafta mikroqarzlar foizi 0,3 foiz bandga ko‘tarilib, 29,6 foizga yetdi.
Hozirda mikroqarzlar bo‘yicha foiz stavkalari banklarda 22,4 foizdan 42,7 foizgacha bo‘lgan oraliqda taklif qilinmoqda.