O‘zbekistonda avtokredit stavkalari pasaytirilishi mumkin

O‘zbekistonda avtokredit foiz stavkalarini pasaytirish masalasi kun tartibiga chiqdi.
13-yanvar kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev ushbu yo‘nalishga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Yig‘ilishda mas’ul shaxslarga avtokredit stavkalarini kamaytirish hamda kredit ajratish hajmini oshirish bo‘yicha aniq choralar ishlab chiqish vazifasi yuklatildi. Ta’kidlanishicha, mazkur tashabbus aholining mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillarga bo‘lgan talabini rag‘batlantirishga qaratilgan.
9-fevral holatiga ko‘ra, tijorat banklarida avtokreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi 23 foizni tashkil etmoqda. Eng yuqori stavka 28 foiz, eng past stavka esa 18 foiz darajasida qayd etilgan.
Yig‘ilishda sanoat tarmog‘idagi ko‘rsatkichlar ham muhokama qilindi. Qayd etilishicha, so‘nggi uch yil davomida sanoatda qo‘shilgan qiymat ulushi 40,7 foizdan 43 foizga oshgan. Biroq avtomobilsozlik sohasida ushbu ko‘rsatkich 20,7 foiz darajasida qolayotgani, ya’ni qo‘shilgan qiymat hali ham past ekani ta’kidlandi.
Mutasaddilar ushbu sohada ichki imkoniyatlardan kengroq foydalanish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish zarurligini qayd etdi.