O‘zbekistonda bolaga otaning ismini familiya sifatida berishga ruxsat etilishi mumkin

Qonunchilik palatasining 13-yanvar kungi majlisida davlat xizmatlari tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Hujjatda davlat xizmatlarini kengaytirish, davlat organlarida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bilan bir qatorda, bolaga otaning ismini familiya sifatida berish imkoniyatini joriy etish taklif etilmoqda.
Majlisda so‘zga chiqqan adliya vaziri o‘rinbosari No‘mon Muhammadiyevning aytishicha, amaldagi tartibga ko‘ra, bolaning familiyasi asosan boboning ismi asosida belgilanadi. Ota ismini to‘g‘ridan-to‘g‘ri familiya sifatida berish esa qonunchilikda nazarda tutilmagan.
Uning ta’kidlashicha, bu holat amaliyotda ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Xususan, bolalar uyida ulg‘aygan otalar yoki otalik huquqidan mahrum qilingan shaxslarning farzandlari o‘z bolalariga bobosining yoki otalik huquqidan mahrum etilgan shaxsning ismini familiya sifatida berishni istamaydi. Natijada, har kuni o‘rtacha 10–15 nafar ota-ona tug‘ilganlik haqidagi dalolatnomalarga o‘zgartirish kiritishga majbur bo‘layotgani qayd etildi.
Mazkur masalada xalqaro tajriba ham o‘rganilgan. Jumladan, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda bolaning familiyasi ota yoki boboning ismi asosida belgilanishi mumkin. Shu bois Oila kodeksining 69-moddasiga tegishli qo‘shimcha kiritish taklif etilmoqda.
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi, deputat Zafar Xudoyberdiyev ham ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. U qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqishda bolaga familiya berishda qo‘shimchalar masalasini aniq normaga solish zarurligini ta’kidladi.
Deputatning so‘zlariga ko‘ra, aynan familiya qo‘shimchalari bo‘yicha amalda tushunmovchiliklar mavjud. Masalan, Qirg‘izistonda o‘g‘il bolalar uchun “o‘g‘li”, qiz bolalar uchun “qizi” qo‘shimchalari qo‘llaniladi. Tojikistonda esa otaning familiyasi yoki ota ismi “-ov”, “-ova”, “-yev”, “-yeva” qo‘shimchalarsiz yozilishi mumkin. O‘zbekistonda esa bu masala qonunosti hujjatlarida belgilangan bo‘lsa-da, yetarlicha aniqlashtirilmagan.
Shu bilan birga, amaliyotda bolaga “-ov”, “-ova”, “-yev”, “-yeva” qo‘shimchalari bilan familiya berilishiga deyarli e’tiroz bildirilmayotgani qayd etildi.

