O’zbekistonda elektron retsept qachondan amal qiladi?

15-yanvardan O‘zbekistonda antibiotiklar va gormonal dori vositalari faqat elektron retsept asosida sotiladi. Yangi tartib bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
15-yanvardan boshlab O‘zbekistonda antibiotiklar, tizimli ta’sir etuvchi sintetik antibakterial hamda gormonal dori vositalari faqat elektron retsept asosida sotiladi. Bu haqda mas’ullar ma’lum qildi.
Elektron retseptlar tizimi avvalroq Toshkent shahri va ayrim hududlarda sinov tariqasida ishga tushirilgan. Tibbiyot muassasalari va dorixonalar to‘liq moslashib ulgurmagani sababli, tizim bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Birinchi bosqichda:
- antibiotiklar,
- sintetik antibakterial dorilar,
- gormonal preparatlar elektron retsept bilan beriladi.
Favqulodda holatlarda (internet yoki elektr uzilishi, tizim nosozligi) shifokor imzosi va muhri qo‘yilgan qog‘oz retseptga vaqtincha ruxsat etiladi. Elektron tizimga ulanmagan tibbiyot muassasalarida esa 1-martgacha qog‘oz retseptlar amal qiladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, elektron retseptlar o‘zboshimchalik bilan davolanishni, ayniqsa antibiotiklarni nazoratsiz qabul qilish holatlarini kamaytiradi.
Dori vositasi retsept bilan yoki retseptsiz sotilishini dori.ssv.uz sayti yoki my.gov.uz portali orqali tekshirish mumkin.

