O’zbekistonda hafta davomida qanday ob-havo kutilyapti? 2-8-fevral kunlari prognozi

O‘zbekistonda 2–8 fevral kunlari bahoriy havo va qisqa sovuq kutilmoqda.
2–8 fevral kunlari O‘zbekistonda noodatiy darajada iliq, bahoriy ob-havo kuzatiladi. “O‘zgidromet” va xalqaro ob-havo markazlari prognozlariga ko‘ra, haftaning ish kunlarida respublikaning katta qismida havo harorati ko‘p yillik me’yorlardan 4–6 daraja, ayrim hududlarda esa 8 darajagacha yuqori bo‘ladi.
Hafta boshida janubiy viloyatlar va vohalarda kunduzgi harorat +18…+20 darajagacha yetadi. Seshanba va chorshanba kunlari tog‘ va shimoliy hududlarda yog‘ingarchilik kuzatiladi, boshqa hududlarda asosan yomg‘ir yog‘adi. Vodiy viloyatlarida ish kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Payshanba va juma kunlari mintaqaga sovuq havo oqimi kirib keladi. Natijada shimolda va tog‘li hududlarda harorat -12 darajagacha, boshqa joylarda esa -5 darajagacha pasayishi mumkin. Yog‘ingarchilik yomg‘ir va qor ko‘rinishida bo‘lib, tog‘ etaklarida 15–20 mm gacha yetishi ehtimoli bor. Ayrim hududlarda shamol tezligi soniyasiga 18 metrgacha kuchayadi.
Dam olish kunlari respublika bo‘ylab asosan quruq ob-havo saqlanib, havo harorati yana asta-sekin ko‘tariladi.
Sinoptiklar payshanba–juma kunlari atmosfera bosimi pasayishi, shanba–yakshanba kunlari esa yuqori bosimli jarayon ustun bo‘lishini bildirgan. Shu sababli ob-havo o‘zgarishlariga ta’sirchan aholi sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lishi tavsiya etiladi.
Shuningdek, hafta davomida yashil xavf darajasidagi magnit bo‘ronlari kutilmoqda.

