O‘zbekistonda ikkinchi yirik AES qurilishi ehtimoli ko‘rib chiqilmoqda

O‘zbekistonda katta quvvatli ikkinchi atom elektr stansiyasini (AES) qurish ehtimoli istisno qilinmayapti.
Bu haqda 23 dekabr kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energetikasi agentligi — «O‘zatom» direktori Azim Axmedxodjayev jamoatchilik eshituvlari doirasidama’lum qildi.
Uning aytishicha, hozircha ikkinchi yirik AES qurilishi bo‘yicha aniq qaror mavjud emas. Biroq xalqaro tashkilotlar va loyiha institutlari tomonidan o‘rganilgan Jizzax viloyatidagi maydon bunday obyektni joylashtirish imkoniyatiga ega.
«Elektr energiyasiga bo‘lgan talab oshib borayotganini inobatga olib, agar tegishli qaror qabul qilinsa, ushbu hududda yana ikki ta katta quvvatli energoblok qurish imkoniyati mavjud. Hozirgi rejalarga ko‘ra esa ikki ta kichik va ikki ta katta reaktor ko‘zda tutilgan», — dedi «O‘zatom» rahbari.
Axmedxodjayevning ta’kidlashicha, agar mamlakat rahbariyati AES loyihasini kengaytirish bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilsa, agentlik bu yo‘nalishda qo‘shimcha ishlarni boshlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘rganilgan maydon texnik jihatdan kengaytirish imkonini bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Jizzax viloyatida barpo etilishi rejalashtirilgan integratsiyalashgan AES hududida jami to‘rtta katta quvvatli energoblok qurish ko‘zda tutilmoqda. Ularning ikkitasi Rossiyada ishlab chiqarilgan VVER-1000 rusumidagi reaktorlar bo‘ladi. Avvalroq faqat ikki reaktor qurilishi rejalashtirilgani xabar qilingan edi.
Loyihaga ko‘ra, har bir energoblok uchun ikkita sovitish minorasi quriladi. Shuningdek, RITM-200N rusumidagi kichik modulli reaktor, qurilish-montaj bazasi, meteorologik maydon, radioaktiv chiqindilarni ko‘mish joyi, radiatsion nazorat tizimi inshootlari hamda 500 va 220 kV kuchlanishdagi ochiq taqsimlash qurilmalari barpo etiladi. AES hududiga avtomobil va temiryo‘l infratuzilmasi ham olib boriladi.
Bundan tashqari, yirik AESdagi reaktorlar sonini to‘rttaga yetkazish masalasi O‘zbekistonning 2040 yilgacha mo‘ljallangan energiya balansi strategiyasida ham aks etgan. Energetika vazirligi taqdimotiga ko‘ra, 2030 yilda mamlakat energiya tizimida ilk bor atom energetikasi paydo bo‘lib, uning quvvati 0,3 GVtni tashkil etadi. 2035 yildan so‘ng bu ko‘rsatkich 2 GVtgacha, 2040 yilga kelib esa 4 GVtgacha oshishi rejalashtirilgan.
Shu tariqa, atom energetikasi 2040 yilga borib O‘zbekiston energiya balansida ko‘mir energetikasidan ustun bo‘lishi kutilmoqda.

